Davlatimiz rahbari Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatni borib ko‘rdi.
Mazkur ta’lim muassasasi 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2016-yilda kapital ta’mirlangan. Ayni paytda bu yerda 221 nafar o‘quvchi tarbiyalanmoqda. Ularga oliy ma’lumotli defektolog va tarbiyachilar saboq bermoqda. O‘tgan yili 21 nafar bitiruvchidan 3 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.
Maktab-internatda 4 ta o‘quv binosi, 280 o‘rinli yotoqxona, oshxona, kutubxona, sport zali, faollar zali mavjud.
Davlat rahbari o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Tarbiyalanuvchilarning mashg‘ulot jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Toshkent shahar hokimligiga maktab-internatning oshxonasi va texnologiya xonalarini ta’mirlash, sport kompleksi va ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
Xalq ta’limi vazirligiga “Zamin” jamg‘armasi bilan birga 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolalarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, ularni eshitish moslamalari bilan ta’minlash, eshitish qobiliyati tiklangan bolalarni bosqichma-bosqich umumta’lim maktablariga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.