Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Chimboy guzari” mahallasida bo‘ldi.
Aholining turmush sharoitlarini ko‘rish uchun aynan shu joyga kelingani bejiz emas. Odamlar bu yerga 2000-yillardan o‘rnasha boshlagan. Uylar rejasiz qurilgani sababli ko‘chalar tartibsiz bo‘lib qolgan, elektr energiyasi va ichimlik suvi yetishmasdi.
Hozirga kelib mahalla aholisi 14 mingdan oshgan. Bu yerda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalasi dolzarb bo‘lib bordi. Va hudud yaqinda «Obod mahalla» dasturi doirasida obodonlashtirildi. Ko‘chalar ta’mirlanib, piyodalar yo‘lakchasi qurildi.
Transformator va ustunlar o‘rnatilib, elektr tarmoqlari tortildi. Ariqlar tozalanib, daraxtlar ekildi.
Mahallada ish joyi va tibbiy xizmat yo‘q edi. Shu bois yengil konstruksiyadan to‘qimachilik korxonasi tashkil etildi. Bu yerda 300 dan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.
- Mahalladagi o‘zgarishlarni, sizlarning ishli bo‘lganingizni ko‘rib, xursand bo‘ldim. Qo‘lida hunari bor ayolning kayfiyati yaxshi, oilasi ham barqaror bo‘ladi. Bunday ishlarni hali ko‘p qilishimiz kerak. Albatta, qiyin bo‘ladi. Lekin biz bir oilamiz. Birlashib, hamma rejalarni amalga oshira olamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bu yerda mahalla markazi qurish, shahardagi boshqa og‘ir hududdarni ham obod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerdagi tibbiy xizmat punkti ham ko‘zdan kechirildi. Qoraqalpog‘istonda yangi klinikalar qurish, tibbiyot klasterlari tashkil etish rejalari muhokama qilindi.
Mahallaning “Ko‘ktepa” ko‘chasidagi 8 ta uy namunaviy xonadonga aylantirilgan. Hovlilar tartibga keltirilib, issiqxonalar qurilgan. Prezident ulardan biri - Gabit Jusupov xonadonida mehmon bo‘ldi.
- Kechadan beri Qoraqalpog‘istonning eng uzoq, eng og‘ir hududlariga borayapiz. Hozir menga aytishdi: Nukusda sharoiti yomon yana yettita mahalla bor ekan. Ularni ham obod qilish, yo‘lini, suvini, elektrini to‘g‘rilash bo‘yicha rejalarni belgiladik, - dedi davlatimiz rahbari.