Xalqaro kongresc markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.
Bunday uchrashuv ilk bor 2021-yil 20-avgustda tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbarining taklifi bilan bu an’anaga aylandi hamda mazkur sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” etib belgilandi.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishbilarmonlarni ushbu bayram bilan tabriklab, o‘zining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.
– Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat bo‘lib kelgan. O‘zbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qo‘shayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Biznesga sharoitlar natijasida bu soha izchil rivojlanayotgani qayd etildi. O‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga, o‘rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga, yirik korxonalar soni esa 400 taga ko‘paygan. Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshgan. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18 avgustdagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz iqtisodiy qudrati va aholi farovonligini yuksaltirishda namuna ko‘rsatayotgan 44 nafar yurtdoshimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bayram tadbirida ularga ana shu unvon, orden va medallar topshirildi.
Shuningdek, joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17-avgustdagi farmoyishiga muvofiq, 126 nafar ilg‘or biznesmenga “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni topshirilmoqda.