Xalqaro valyuta jamg’armasi Direktorlar kengashi O’zbekiston Respublikasiga 375 mln AQSh dollari ekvivalentidagi imtiyozli kredit mablag’lari ajratilishini ma’qulladi

2020 yilning 18 mayida Xalqaro valyuta jamg’armasining (keyingi o’rinlarda – XVJ) Direktorlar kengashi tomonidan O’zbekiston Respublikasiga Koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlarini yumshatish maqsadida 375 mln AQSh dollari ekvivalentidagi imtiyozli kredit mablag’lari ajratilishi ma’qullandi.

Mazkur mablag’lar O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurash jamg’armasiga koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish choralarini moliyashtirish uchun yo’naltiriladi.

An’anaga ko’ra, XVJ qarzlarni taqdim etish jarayonida davlat qarziga xizmat ko’rsatish xatarlarini hamda mamlakatdagi makroiqtisodiy holatni tahlil qiladi. XVJ tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi davlat qarziga xizmat ko’rsatish bo’yicha yuqori salohiyatni saqlab qolmoqda.

XVJning maqroiqtisodiy holat bo’yicha prognozlari quyidagilarni o’z ichiga oladi:

- iqtisodiy o’sishning 1,5% gacha pasayishi;

- fiskal taqchillikning YaIMga nisbatan 4,1% gacha oshishi, shu jumladan sog’liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan harajatlarning, ijtimoiy ko’mak uchun to’lovlar hamda tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash va boshqa xarajatlar oshgan davrda soliq imtiyozlarining taqdim etilishi;

- eksport tushumlarining hamda xalqaro pul o’tkazmalarining miqdori sezilarli darajada qisqarishi oqibatida to’lov balansining joriy operatsiyalari bo’yicha taqchilligining YaIMga nisbatan 10% gacha oshishi.

XVJ hisobotida so’nggi 3 yilda respublikada olib borilayotgan islohotlar bo’yicha yutuqlari alohida ta’kidlangan. Xususan, yillar davomidagi iqtisodiy izolyatsiyadan so’ng valyuta siyosati, tashqi savdo, tartibga solinadigan narxlarning liberallashtirilishi, statistik ma’lumotlarni ochiqligi va sifatining oshishi, davlat moliyasi statistikasi va davlat byudjeti operatsiyalari iqtisodiy klassifikatsiyasining xalqaro me’yorlarga keltirilishi, soliq islohotlari amalga oshirilishi hamda birinchi marotaba davlat byudjetining respublika parlamenti tomonidan ma’qullanishi qayd etilgan.

Mazkur qarz mablag’laridan foydalanish jarayonida shaffoflikni ta’mainlash maqsadida amalga oshirilgan harajatlar ustidan O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan mustaqil audit amalga oshiriladi hamda audit natijalari moliya yili yakunidan so’ng 6 oy mobaynida e’lon qilib boriladi.

Manba