Tanzila Narbayeva: O‘zbekiston xalqaro mehnat normalariga rioya qilishga sodiqligini namoyon qilmoqda

2020-yil 5-fevral kuni poytaxtimizda “Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida munosib mehnatni ta’minlash” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘z ishini boshladi.

Tadbir Oliy Majlis Senati, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakillari, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, YUNISEF, YUNESKO, diplomatik korpus vakillari, “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi a’zolari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva tadbirni ochar ekan, kirish so‘zida  O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorligi so‘nggi yillarda tobora faollashib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“Hozirgi kunga qadar mamlakatimiz XMTning 17 ta konventsiyasi, shu jumladan barcha 8 ta asosiy va 4 ta direktiv konventsiyalarini ratifikatsiya qilgan. 2019-yilning o‘zida O‘zbekiston tomonidan XMT ning 3 ta konventsiyasi va 1930ғyildagi majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli konventsiyasiga Bayonnoma (Jeneva, 2014-yil 11-iyun) ratifikatsiya qilingan. Shu kabi muhim xalqaro hujjatlarga qo‘shilib, O‘zbekiston xalqaro mehnat normalariga rioya qilishga sodiqligini namoyon qilmoqda”, - dedi Senat Raisi T.Narbayeva.

Davra suhbati davomida qator dolzarb masalalar muhokama etiladi: xususan, ish o‘rinlarini kengaytirish, ularning sifatini oshirish hamda mehnat bozorini boshqarishni amalga oshirishning kompleks chora-tadbirlarini tatbiq etish, “hukumat-ish beruvchi-kasaba uyushmalari-fuqarolik jamiyati faolari” tizimi asosida O‘zbekistonda paxta terimi davridagi majburiy mehnat holatlariga butkul barham berish kabi yo‘nalishlarda fikr almashiladi.

Manba