Oʼzbekiston Prezidenti turizm va madaniy merosni asrab-avaylash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni taklif etdi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining Istanbuldagi sammitida soʼzga chiqib, hamkorlikni yanada rivojlantirish boʼyicha qator tashabbuslarni taqdim etdi. Bunda davlatimiz rahbari turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va madaniy merosni asrab-avaylashga alohida eʼtibor qaratdi.

Jumladan, Shavkat Mirziyoev «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» turistik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik koʼrgazmalari va etnosport musobaqalarini oʼtkazish, shuningdek madaniy meros obektlarini saqlash va tiklash sohalarida hamkorlik yoʼnalishlarini qamrab olgan «Yoʼl xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif qildi.

Oʼzbekiston Prezidentining ushbu tashabbuslari pandemiya davrida yuzaga kelgan mazkur sohadagi muammolar fonida ayniqsa dolzarb sanaladi. Turizm va madaniy merosni asrab-avaylash sohalaridagi normativ-huquqiy bazani yaratish va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish Tashkilotga aʼzo davlatlar oʼrtasidagi tarixiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda turkiy mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida koʼplab tadbirlar tashkil qilindi va ulardan biri turizm masalalari vazirlarining 6-yigʼilishi Qoʼqonda boʼlib oʼtdi. Yigʼilish davomida ishtirokchilar ziyorat turizmi, hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik turizm kabi sohalarda istiqbolli loyihalarni muhokama qildilar.

Taʼkidlash joizki, islom madaniyati va boshqa dinlarga tegishli muqaddas maskanlari mavjud boʼlgan turkiy mamlakatlarda ziyorat turizmi katta salohiyatga ega. Muqaddas qadamjolar va maqbaralar Turkiy davlatlar tashkiloti hududida turizmni rivojlantirishda muhim oʼrin egallaydi. Jumladan, hozirgi Oʼzbekiston hududida Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy kabi musulmon olamining mashhur olimlari yashab ijod qilganlar.

Shu munosabat bilan, koʼrsatilayotgan turistik xizmatlar sifatini oshirish va ziyoratchi-sayyohlar uchun qulay muhitni shakllantirish borasida qoʼshimcha chora-tadbirlarni qabul qilish bugungi kunda dolzarb hisoblanadi.

Bundan tashqari, turkiy dunyoning anʼanaviy va zamonaviy madaniyatlari bilan tanishish Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari sayyohlari orasida alohida qiziqish uygʼotadi. Bu yoʼnalishdagi samarali strategiyaning asosiy tarkibiy qismi yangicha innovatsion gʼoyalar, loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishdan iboratdir.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining madaniy meros obektlarini asrab-avaylash va qayta tiklash boʼyicha tashabbusi oʼzaro bilim, anʼana va tajribadan birgalikda foydalanishga qaratilgan. Oʼzbekiston turkiy dunyo madaniy merosini asrab-avaylash tarafdori sanaladi va Turkiy davlatlar tashkilotini ushbu sohadagi hamkorlikni mustahkamlashda oʼziga xos platforma sifatida koʼradi. Bunda alohida eʼtibor madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish va ularni samarali boshqarish mexanizmlarini joriy etishga qaratilmoqda. Bu yoʼnalishdagi dastlabki qadam sifatida Oʼzbekiston Tashkilot aʼzolarining madaniy meros obektlarining onlayn-platformasi va raqamlashtirilgan nusxalarini yaratishni taklif qildi.

Turizm sohasi «COVID-19» pandemiyasidan anchagina zarar koʼrganligi sababli ushbu sohani yanada rivojlantirish xavf va xarajatlarning oshishi sharoitida amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib, turizm sohasidagi hamkorlik va madaniy merosni asrab-avaylashni Turkiy davlatlar tashkilotining gumanitar yoʼnalishdagi hamkorligining markaziy sohalariga aylantirish bugungi davr talabidir.

Shu nuqtai nazardan, Oʼzbekiston Prezidenti tomonidan turkiy mamlakatlar rahbarlarining Istanbuldagi joriy sammitida bildirilgan tashabbuslari turizm va madaniy merosni asrab-avaylash sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qoʼshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishda muhim platformaga aylandi deb ishonch bilan qayd etish mumkin.

Sarvar Kamolov,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi