SMTIda avstriyalik mutaxassis bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Joriy yil 28-oktyabrda SMTIda parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Avstriyaning Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti (AIES) boshqaruvi a’zosi, katta maslahatchisi Martin Saydik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog’ida O‘zbekiston-Avstriya munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari, Yevropa Ittifoqi doirasidagi hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakat tahlil markazlari o‘rtasida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ko’rib chiqildi.

Martin Sajdik O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida ijobiy fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov jarayonining tashkil etilgani ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar muvaffaqiyatidan dalolat beradi.

Shuningdek, uchrashuvda Toshkentning mintaqaviy siyosatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Avstriyalik ekspertning fikricha, ushbu siyosat qo‘shni davlatlar bilan yaqin munosabatlar o‘rnatish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. “Bu nafaqat yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini oʻrnatish, balki mintaqaviy muammolarni hal qilishda saʼy-harakatlarni birlashtirish imkonini berdi”, - dedi Martin Saydik.

Tahlilchining fikriga koʻra, Yevropa Ittifoqi yirik davlatlarining Markaziy Osiyoga eʼtibor kuchayishi fonida Avstriya bilan ham gidroenergetika, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish va sanoatni qayta ishlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish zarur.

Shu munosabat bilan tomonlar o‘zaro manfaatli, barcha sohalarda tajriba va fikr almashish imkonini beradigan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

AIES 1996-yilda tashkil etilgan mustaqil va notijorat tadqiqot instituti boʻlib, xavfsizlik, mudofaa va tashqi siyosat masalalarini oʻrganadi.