Shvetsariya Tashqi ishlar vazirligining suv masalalari bo’yicha maxsus vakili bilan uchrashuv

Joriy yilning 27 oktyabrida SMTIda Shvetsariya Tashqi ishlar vazirligining suv masalalari bo’yicha maxsus vakili Giy Bonvin bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Suhbat davomida O’zbekiston va Shvetsariya o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xususan, Bern tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshirilayotgan "Blue Peace Central Asia" tashabbusiga alohida eʼtibor qaratildi.

"Blue Peace Central Asia" loyihasi 2014 yilda Shvetsariya hukumati tashabbusi bilan tashkil etilgan. Dastur Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida muloqotni rivojlantirish va ularning suv resurslaridan birgalikda foydalanish bilan bogʻliq masalalarda yechim topishiga ko’maklashadi.

Uchrashuvda O’zbekistonning suv resurslaridan mintaqada birgalikda foydalanishda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan faol siyosati yuqori baholandi. Diplomatning soʻzlariga koʻra, soʻnggi paytlarda Toshkent Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolar suvlaridan foydalanish bo’yicha o’zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirish bo’yicha qator muhim qadamlar qo’ydi.

Giy Bonvin Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun suv resurslari bilan bog’liq bo’lgan masalalarni ahamiyatini alohida taʼkidlab, "suv muammolarini qishloq xo’jaligi, energetika, turizm, sog’liqni saqlash va hayotning boshqa ko’plab sohalari bilan uzviy bog’liq holda ko’rib chiqish zarurligini" aytib o’tdi.

Shu munosabat bilan shvetsariyalik diplomat 2022-2025 yillarga mo’ljallangan "Suv – barqaror tiklanish drayveri" loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanganligi haqida ma’lum qildi.

“Suv – barqaror tiklanish drayveri” loyihasi Budapeshtdagi Korvin universiteti tomonidan "Blue Peace Central Asia" tashabbusi, hamda Stokgolm xalqaro suv instituti va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi ko’magida amalga oshirilmoqda. U Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishni ko’zda tutadi. Ushbu loyihaning birinchi bosqichi 2020-2021 yillarda mintaqa davlatlarining strategik tadqiqot institutlari, Tashqi ishlar vazirliklari, suv resurslari, energetika va iqtisodiyoti uchun masʼul muassasalari ekspertlari ishtirokida bir qator vebinarlar doirasida o’tkazilgan.

Bundan tashqari, G.Bonvin 2021-yil 29 noyabr – 5-dekabr kunlari Vengriya poytaxtida bo‘lib o’tadigan "Planet Budapest" (Budapesht sayyorasi) sammiti haqida xabar berdi. Mazkur tadbirni o’tkazishdan maqsad keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarni noqulay ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlardan xabardor qilishdir.

Shuningdek, mutaxassis O’zbekistonning mazkur yuqori darajadagi forumda faol ishtirok etish tashabbusidan mamnunligini bildirdi. Eslatib o’tamiz, O’zbekistonning ushbu sammitda ishtirok etishi to’g’risidagi kelishuvga Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2021-yil mart oyida mamlakatimizga tashrifi chog’ida erishilgan edi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ko’p qirrali hamkorlikni, mintaqadagi suv muammolari bo’yicha ochiq va samarali muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar. Shuningdek, shvetsariyalik diplomat Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga hissa qo’shadigan oldindan rejalashtirilgan loyihalarni birgalikda amalga oshirilishiga umid bildirdi.