Belgiya eksperti: Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “yashil” va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida hamkorlik qilishdan manfaatdor

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida «Pandemiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta’siri: dastlabki saboqlar, koronavirus inqirozi va o‘zgarish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Bosh qarorgohi Bryusselda joylashgan Yevropa Osiyo tadqiqotlari instituti katta ilmiy xodimi Albert Turkstra pandemiya sharoitida Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, tadbir ahamiyati haqida “Dunyo” AA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Bugungi sharoitda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlari istiqbollari haqida so‘z borganda, tomonlar ustuvor yo‘nalishlariga, Yevropa Ittifoqining mintaqa bo‘yicha yangi strategiyasiga mos keladigan uchta yo‘nalishga e’tibor qaratish kerak. Bu – “yashil” tiklanish, raqamli tiklanish va xususiy sektorni tiklash.

Pandemiya barqaror iqtisodiy modellarga tezroq o‘tish zarurligini ko‘rsatdi. Yevropa Ittifoqida “Yashil bitim” mavjudligini hisobga olgan holda, Markaziy Osiyo bilan munosabatlar istiqbolida “yashil iqtisodiyotni rivojlantirish” bo‘yicha hamkorlik ustuvorlik kasb etishini ta’kidlash joiz.

Shuningdek, koronavirusdan keyingi davrda iqtisodiyotni tiklashda muhim rol o‘ynaydigan raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlik uchun tomonlarda katta, shu bilan birga, foydalanilmagan salohiyat mavjud.

Bundan tashqari, pandemiya ko‘proq ta’sir ko‘rsatadigan xususiy sektorda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash muhim. O‘zbekiston kichik va o‘rta biznesi esa Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarida ishtirok etish imkoniga ega.

Shu bois aytish mumkinki, Yevropa Ittifoqi mintaqalararo iqtisodiy forumlar o‘tkazish, shu orqali Yevropa va Markaziy Osiyo xususiy sektorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Manba