Yangi boqqa asos solindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilayotgan bog‘ hududiga tashrif buyurdi.

Daraxtzorlar – yurtga chiroy beradigan, hayot sifatini oshiradigan manbalardan. Shu maqsadda shahar va tumanlarimizda yangi bog‘ va sayilgohlar tashkil etilmoqda. Bunday “yashil hududlar” so‘nggi yillarda ko‘plab qurilishlar bo‘lib, tobora rivojlanib borayotgan Toshkent shahri uchun, ayniqsa, muhim.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimiz yaqinida ulkan manzarali bog‘ barpo etilmoqda. 25-fevral kuni ushbu bog‘ loyihasi muhokama qilingan edi. Bugun unga ilk ko‘chatlar ekildi.

Shu munosabat bilan bu yerga parlament va hukumat a’zolari, Toshkent shahri jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan va san’at vakillari, sportchilar, yoshlar yig‘ildi.

– Bugungi muborak Ramazon kunlarida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘p ishlarni boshlaganmiz. Xudo xohlasa, mana shu bahavo joyda 104 gektarlik bog‘ barpo etmoqchimiz. Bu xayrli ishning boshlanishi hozirgi ulug‘ ayyom kunlariga to‘g‘ri kelgani ham xosiyatli, deb o‘ylayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi bog‘ nafaqat manzarasi, landshafti, balki mazmuni bilan ham alohida e’tiborga molik. Bog‘ning umumiy ko‘rinishi xuddi ulkan daraxtning beshta shoxi shaklida bo‘ladi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifodalaydi.

Bog‘ni oddiy park emas, eng avvalo, yuksak madaniyat va ma’naviyat maskaniga aylantirish maqsad qilingan. Bu yerda odamlar tabiat qo‘ynida osuda dam oladigan so‘lim hududlar yaratiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, lipa bog‘lari barpo etilib, noyob manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi. Sun’iy ko‘l, sport maydonlari, bolalar o‘yingohlari, favvoralar quriladi.

Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan Istiqlol majmuasi ham shu yerda barpo etiladi.

Prezidentimiz bu majmuaning tarixiy-g‘oyaviy ahamiyatini ta’kidladi.

- Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Lekin davlatchiligimiz 3 ming yillik. Bu ana shu buyuk tarixni ko‘rsatadigan majmua bo‘ladi. Bu yerga kelgan yoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ham shuni anglaydigan dalillar aks ettiriladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu bog‘ O‘zbekistonning yangi qiyofasini, ulkan salohiyatini, ko‘pmillatli xalqimizning jipsligi va ahilligini namoyon etadigan majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuni hisobga olib, bu muhtasham boqqa “Yangi O‘zbekiston” deb nom berishni taklif etdi. Yig‘ilganlar bu taklifni qo‘llab-quvvatladi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik bilan birga yangi boqqa ko‘chatlar o‘tqazdi.

Avval xabar qilinganidek, mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etiladi.

Manba