
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilib, ikki va ko‘p tomonlama formatdagi amaliy munosabatlarning o‘ziga xos namunasi bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishganining ilk yilidayoq ikki tomonlama munosabatlar yangicha sur’at oldi. O‘tgan davr mobaynida Toshkent va Ostona o‘rtasida qator muhim hujjatlar, jumladan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha harakatlar rejasi (2017), Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya (2021), O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma (2022) va Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma (2022) imzolandi. Ushbu kelishuvlar O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlariga mustahkam institutsional asos yaratdi.
2016 yildan buyon ikki davlat rahbarlari 25 ta, jumladan beshta davlat va uchta norasmiy tashriflarni amalga oshirdi. Bunday muntazam muloqot bugun Toshkent va Ostona o‘rtasida o‘zaro ishonch, pragmatizm va Markaziy Osiyo kelajagiga umumiy qarashga asoslangan mustahkam siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy “ko‘prik” shakllanganidan dalolat beradi.
Oliy darajadagi muntazam aloqalar, shuningdek hukumatlararo, parlamentlararo, idoralararo va hududlararo keng qamrovli va ko‘p qirrali siyosiy muloqot O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining mazmuni chuqur transformatsiya bo‘lishini ta’minlagan, o‘zaro munosabatlarni yangi sifat va strategik maqsad bilan to‘ldirgan muhim omil bo‘lib xizmat qildi.
1997 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalarni amaliy muvofiqlashtirishning asosiy mexanizmiga aylangan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
2019 yildan Hukumatlararo komissiya doirasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Endilikda komissiyaga ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarlik qilmoqda. Bu komissiya faoliyati tizimli va samarali bo‘lishini ta’minlab, dolzarb masalalarni tezkor hal etish va eng yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish imkonini berdi.
2018 yildan buyon faol ish olib borayotgan Hududlararo hamkorlik forumi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishiga aylandi. Ushbu anjuman mamlakatlarimiz hududlari, tadbirkorlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot vositasi sifatida o‘z samaradorligini amalda ko‘rsatdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlararo aloqalar ham muhim o‘rin tutadi. 2022 yil fevral oyida Parlamentlararo hamkorlik kengashi tuzilib, joriy yil may oyida Ostona shahrida uning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengash faoliyati nafaqat qonun chiqaruvchi organlar darajasida doimiy siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlash, balki erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash imkonini ham bermoqda.
Kengash doirasida ikki mamlakat deputatlari qonunchilikni uyg‘unlashtirish masalalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilish, huquqiy tartibga solish sohasida tajriba almashish va ikki tomonlama hamkorlikning me’yoriy bazasini takomillashtirishga qaratilgan takliflar kiritish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari global va mintaqaviy siyosat masalalarida bir-birini qo‘llab-quvvatlab, mintaqani jipslashtirish, shuningdek xalqaro hamkorlikning tobora muhim mexanizmiga aylanib borayotgan Maslahat uchrashuvlari va “Markaziy Osiyo plyus” maydonlari doirasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish tarafdoridir.
Ostona va Toshkentning birgalikdagi sa’y-harakatlari mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashning ko‘plab yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zaro hamkorligimiz nafaqat milliy manfaatlar, balki Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlarning umumiy farovonligi ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan pragmatik va ishonchli hamkorlik namunasi sifatida o‘zini namoyon etdi.
Bundan tashqari, mamlakatlarimiz BMT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik – O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik aloqalarning ustuni
So‘nggi yillarda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib, yuqori sur’at va yanada o‘sish uchun ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatmoqda.
2024 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,27 milliard dollardan oshdi. Bu 2016 yilga nisbatan qariyb 2,5 barobar ko‘pdir. 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida mazkur ko‘rsatkich 3,5 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 15,5 foizga ortdi. Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari uchtaligiga kiradi. 2030 yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Investitsiyaviy hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘istonda 6 mingdan ziyod qo‘shma korxona samarali faoliyat yuritmoqda. Har bir raqam ortida ishlab chiqarish quvvatlari, yangi ish o‘rinlari, modernizatsiya qilingan zavodlar, faol bozor va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining integratsiyasi yotibdi.
Investitsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, farmatsevtika, qurilish va boshqa sohalarda kooperatsiya aloqalari kengaymoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan qator qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini sanoat kooperatsiyasining eng muvaffaqiyatli namunalari qatoriga kiritish mumkin. Ular orasida Qo‘stanayda “Chevrolet” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish, Turkistonda tikuvchilik fabrikasi va Chimkentda to‘qimachilik korxonasini ishga tushirish loyihalari bor.
Sanoatning turli tarmoqlarida boshqa tashabbuslar ham amalga oshirilmoqda. Tibbiy buyumlar, avtoklav gazobeton, “SAZ” rusumli avtobuslar, “HOWO” rusumli yuk avtomobillarini ishlab chiqarish, shuningdek “Hyundai” avtomobillari, oshxona plitalari va suv isitgichlarni yig‘ish loyihalari shular jumlasidandir.
Bu ishlarga qo‘shimcha sur’at berish maqsadida O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini barpo etish loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Majmua maydoni 100 gektar bo‘lib, har tomondan 50 gektarda ishlab chiqarish maydonlari, omborxonalar, transport infratuzilmasi ob’ektlari joylashadi.
Markazning tashkil etilishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lib, mintaqada barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish uchun mustahkam poydevor yaratadi va Markaziy Osiyoda sanoat integratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston Yevroosiyoning transport-energetik o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlamoqda. Qizilo‘rda – Uchquduq avtomobil yo‘lini qurish va Toshkent viloyatida logistika xabini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu hududlar o‘rtasidagi yuk tashuvlarini sezilarli darajada tezlashtiradi.
Energetika sohasida “O‘zbekneftgaz” va “QazMunayGaz” o‘rtasida uglevodorodlarni qayta ishlashdan tortib chiziqli alkilbenzollar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab olgan strategik hamkorlik rivojlanmoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston energetika tizimlarini uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Markaziy Osiyoning yagona energetika makonini yaratishga yo‘l ochadi.
Eng muhimi, ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni odamlar o‘z hayotida his qilmoqda. 2025 yilning sakkiz oyida O‘zbekistonga 1,8 million nafar Qozog‘iston fuqarosi tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonga 956 ming marta tashrif buyurgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan qariyb 1,5 barobarga ortgan.
Mamlakatlar o‘rtasida rekord darajadagi aviaqatnovlar, xususan Toshkent-Olmaota va Toshkent-Ostona yo‘nalishlari bo‘yicha haftasiga 50 tagacha reys va boshqa shaharlarga parvozlar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Toshkent, Turkiston va Olmaotani bog‘laydigan yangi temir yo‘l yo‘nalishlari ishga tushirildi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik ham faollashmoqda. Ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida 280 dan ortiq hamkorlik kelishuvlari imzolangan, qo‘shma fakultetlar ochilib, Qozog‘istonda O‘zbekiston ta’lim kunlari va O‘zbekistonda Qozog‘iston ta’lim kunlari o‘tkazilmoqda.
Muxtasar aytganda, bugun O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yetuk ittifoqchilikning yorqin namunasi, deb atasak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zaro munosabatlar raqobat emas, yaqin sheriklik va umumiy taraqqiyot tamoyillariga asoslangan. Prezident Qasim-Jomart To‘qayevning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi nafaqat diplomatik voqea, balki ikki davlatning barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va farovonlik hukm suradigan umumiy kelajakni barpo etish yo‘lidagi strategik tanlovining tasdig‘i bo‘ladi.
Bekzod Normatov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI yetakchi ilmiy xodimi