O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati Janubiy Koreya matbuoti nigohida

Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlaridan biri «The Korea Post» jurnalining rasmiy veb-sahifasida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasiga bag‘ishlangan maqolasi chop etildi.

Materialda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati tahlil qilinib, O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, mavjud muammolarni hal etish yo‘llari va vazifalari  xususida so‘z yuritilgan.

Muallif Prezident Murojaatnomasida 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sharoiti, tabiiy va texnogen falokatlar oqibatida yuzaga kelgan muammolarga qaramasdan, mamlakatimiz nafaqat ushbu sinovlarni yengib o‘tgani, balki qator yutuqlarga erishgani o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, maqolada 2020 yilda O‘zbekiston Prezidenti o‘zining «Inson manfaatlari - hamma narsadan ustun» degan tamoyiliga sodiq qolgani, Covid-19 oqibatida chegaralar vaqtincha yopilgan bo‘lsa-da, 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelingani, buning uchun diplomatik, sanitar-epidemiologik, transport-logistik va boshqa zarur resurslar safarbar qilingani qayd etilgan.

Taʼkidlash kerakki, Janubiy Koreya ijtimoiy-siyosiy doiralari vakillari, tadqiqotchilar, ekspert va tahlilchilar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Jumladan, “The Korea Post” jurnali asoschisi Li Kyong Shik  davlatimiz rahbari Murojatnomasining asosiy yo‘nalishlarini o‘zida aks ettirgan «O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar, o‘zgarishlar va yangilanishlar amalga oshirilmoqda» sarlavhali maqola chop etdi.

Shuningdek, Janubiy Koreya  Xalqaro iqtisodiy siyosat instituti tadqiqotchilari «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatinomasining mazmun-mohiyati va ahamiyati» sarlavhali tahliliy material eʼlon qildi. Institut mutaxassislari O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasidagi asosiy tashabbuslarga alohida to‘xtalgan. Xususan, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlaridagi yangi istiqbolli yo‘nalishlar to‘g‘risida fikr yuritilgan.

Manba