O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Hindiston - Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni videoanjuman shaklida o‘tgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitida ishtirok etdi.

Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdilar.

Yetakchilar mintaqa mamlakatlari va Hindiston o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqining avvalida ushbu uchrashuvning strategik sheriklikni mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yangi kun tartibini shakllantirishdagi ahamiyatini alohida qayd etdi.

Bunga mamlakat va xalqlarimizni bog‘lab turgan chuqur tarixiy ildizlar ishonchli zamin bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, ming yillar mobaynida mintaqamiz va Hindiston xalqlari o‘rtasida faol gumanitar almashinuvlar va savdo aloqalari mavjud bo‘lgan, ularning madaniyati, an’analari va ma’naviy qadriyatlari bir-birini boyitib kelgan.

Davlatimiz rahbari “Hindiston – Markaziya Osiyo” formatidagi amaliy hamkorlikni ilgari surishning strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, bu borada aniq takliflarni ilgari surdi.

Birinchi ustuvor yo‘nalish sifatida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish, Hindistonning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini joriy qilish orqali inson kapitalini rivojlantirish belgilab olindi.

Bunga misol tariqasida keyingi yillarda mamlakatimizda hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etilgani ko‘rsatib o‘tildi. Ayni paytda, Hindistonning yetakchi tibbiy universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari qoshida bunday klinikalar tarmog‘i yanada kengaytiriladi.

Prezidentimiz farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, vaksinatsiya to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olishni jadallashtirish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturlarini boshlash, an’anaviy tibbiyot usullarini keng joriy qilish tashabbuslarini bildirdi. Ularni ilgari surish maqsadida har yili qo‘shma Sog‘liqni saqlash forumini o‘tkazib borish taklif qilindi.

Yurtimiz ta’lim sohasida Hindistonning uchta yirik oliy ta’lim muassasalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, xalqaro maktablar ochish dasturlari amalga oshirilmoqda, Hindistonning tillarni o‘qitish metodikasi joriy qilinmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi yangi universitetlar va professional ta’lim markazlarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.

Axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklikning keng istiqbollari alohida qayd etildi. Raqamlashtirish sohasida jahonning peshqadamlaridan biri hisoblangan Hindiston mamlakatimiz IT tarmog‘i rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Raqamli, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, kiberxavfsizlik va kadrlar tayyorlash borasida, shu jumladan mavjud platformalar negizida hamkorlik qilishning mintaqaviy dasturini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.

Ikkinchi eng muhim strategik ustuvor yo‘nalish sifatida davlatimiz rahbari iqtisodiy sheriklikni kengaytirishni taklif etdi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga ortdi, qo‘shma korxonalar soni 400 taga yetdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, Andijon viloyatining Gujarat shtati bilan kooperatsiyasi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

Tadbirkorlar va hududlar darajasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish, investitsiyalar va savdo sohasida yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash maqsadida “Hindiston – Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga jadal sur’at bag‘ishlash muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalari samaradorligini oshirish va zamonaviy infratuzilma yaratish masalalarining ustuvor ahamiyatini qayd etdi.

“Quruq” portlar tarmog‘ini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, yuk tashishda chegirma va imtiyozli tariflar taqdim etish, bojxona tartibotlarini soddalashtirish maqsadida transport vazirlarining ko‘p tomonlama uchrashuvlari mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Energetik samaradorlik va “yashil” taraqqiyot sohalarida Hindistonning ilg‘or tajribasini va kooperatsiya istiqbollarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi mintaqaviy hamkorlik masalalarini kelgusi yilning sentyabr oyida Orolbo‘yida o‘tkaziladigan xalqaro forumda muhokama qilish taklifi ilgari surildi.

Madaniy-gumanitar soha uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Muzeylararo hamkorlik, ko‘rgazma va anjumanlar tashkil etish, qo‘lyozma fondlarini raqamlashtirish va virtual kutubxona yaratish, umumiy tarixiy-arxeologik merosni tadqiq etishni nazarda tutadigan qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Hindiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan mintaqa mamlakatlarida hind madaniyati va kinosi festivallarini o‘tkazish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga alohida to‘xtaldi. Ushbu mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, gumanitar inqirozning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga ko‘maklashish choralarini ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi Bosh vazir Narendra Modi va do‘st Hindiston xalqini Respublika kuni va mamlakat mustaqilligining bo‘lajak 75 yilligi bilan tabrikladi.

Boshqa delegatsiyalar rahbarlari ham o‘z nutqlarida sheriklik munosabatlari va mintaqaviy hamkorlikni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va turizm sohalarida kengaytirish uchun katta imkoniyatlar borligini qayd etdilar.

Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari va ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar bayon qilingan Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi.

Manba