“Senatorlar maktabi” tashkil etildi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida o‘z nutqida parlament yuqori palatasi faoliyati va senatorlar maktabini shakllantirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan edi.

2020-yilning 4-fevral kuni Oliy Majlisning yuqori palatasida “Senatorlar maktabi” o‘z ishini boshladi.

Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev senatorlarga birinchi o‘quv mashg‘uloti doirasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyati, parlament faoliyatining huquqiy asoslari va asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

 Shuningdek, tizimli ravishda faoliyat ko‘rsatadigan “Senatorlar maktabi” doirasida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mohiyati va uni amalga oshirishda parlament o‘rni, mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ularning faoliyatiga amaliy va uslubiy ko‘maklashish, O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari, unda parlamentning roli va parlamentlararo munosabatlar, Senatning Davlat byudjetini shakllantirish va qabul qilish, ijrosini nazorat qilishdagi o‘rni, yangi soliq kontseptsiyasining asosiy jihatlari, uning mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishidagi ahamiyati hamda qonun ijodkorligi - qonun loyihasini ishlab chiqish va qonunlarni ko‘rib chiqishda Senatning ishtiroki masalalari bo‘yicha senatorlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish nazarda tutilgan.

Manba