O‘zbekiston Prezidenti islohotlar dasturini ilgari surishda Jahon banki bilan keng ko‘lamli sheriklikning ahamiyatini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassanini qabul qildi.

Yangi O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni samarali ilgari surishda O‘zbekiston bilan Jahon banki guruhi o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Antonella Bassanini yuksak lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutladi va katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda katta yutuqlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston bankning eng yirik benefitsiarlaridan biridir – loyihalar portfeli 3 barobarga kengaydi va bugungi kunda 11 milliard dollardan oshdi. 2026-yilga qadar Sheriklik dasturi 4 milliard dollarlik ustuvor loyihalarni o‘z ichiga olgan.

Jahon banki sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, bank, energetika, transport, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga ko‘maklashmoqda.

Iqlim o‘zgarishi va rivojlanish bo‘yicha Mamlakat hisobotini tayyorlash yakunlanmoqda. Bank ishtirokida taraqqiyot institutlari bilan amaliy hamkorlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha samarali mexanizm – «Mamlakat platformasi» ishga tushirildi.

Vitse-prezident Antonella Bassani sermahsul hamkorlikning bugungi darajasini yuqori baholadi hamda Jahon banki mamlakatimizdagi ortga qaytmas islohotlar dasturini izchil va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

2030-yilga qadar muddatga belgilangan maqsadli vazifalarga muvofiq kambag‘allikka qarshi kurashish, qishloqlar va o‘rta shaharlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xotin-qizlar va yoshlar bandligiga ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash va ta’limni isloh qilish loyihalari diqqat markazida turibdi.

«Yashil» energetikani joriy etish, yer islohotini, hududlarni kompleks rivojlantirish va davlat korxonalarini xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Manba