Prezident: Klaster va manfaatdorlik – Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining kelajagi

Sirdaryo viloyatiga safarini davom ettirar ekan, davlatimiz rahbari Oqoltin tumani “Nurafshon orzu boʻstoni” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, paxta hosilini koʻzdan kechirdi.

Bu gʻoʻzalarni yetishtirishning oʻzi boʻlgani yoʻq. Sardoba suv ombori toshqini qishloq xoʻjaligiga ham katta zarar yetkazgan edi. Xususan, Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi 20 ming gektarga yaqin ekin maydonini suv bosgandi.

Hosilni asrab qolish uchun koʻchma nasoslar yordamida suv qochirilib, yer kultivatsiya va chopiq qilindi. Imkonsiz joylarda paykallar buzilib, qaytadan boshqa ekinlar ekildi. Qiygʻos ochilgan paxta ana shunday mashaqqatli mehnat natijasi.

“Nurafshon orzu boʻstoni” fermer xoʻjaligi “Oqoltin APK” paxta toʻqimachilik klasterining hamkori.

Shu yerda klasterlar rahbarlari va fermerlar bilan muloqot boʻldi. Paxtani qayta ishlab, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirib, qoʻshimcha qiymat yaratish muhimligi taʼkidlandi.

- Klaster va manfaatdorlik - Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining kelajagi. Ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etmay turib, bu sohani raqobatbardosh qilib boʻlmaydi, - dedi Prezident.

Mazkur klaster tomonidan 2021-2022-yillarda amalga oshiriladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Xususan, Oqoltin tumanida yiliga 30 ming tonna chigitni qayta ishlash boʻyicha qiymati 4 million dollar hamda 50 ming tonna donni qayta ishlash boʻyicha qiymati 5,8 million dollar boʻlgan loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

 

Manba