Prezident.uz: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, amaliy hamkorlik tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ikki mamlakat idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar faollashgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada istiqbolli kooperatsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilayotgani, madaniy-gumanitar sohada samarali hamkorlik qilinayotgani alohida ta’kidlandi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni, jumladan, vazirliklararo sheriklikni yanada kengaytirish, ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazish, professional harbiy kadrlar tayyorlash va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Mudofaa vaziri Sergey Shoygu davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi. Mamlakatimizning mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga doir tashabbuslari yuqori baholandi.

Rossiya mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekani qayd etildi.