Qatar Amiri Samarqanddagi obidalar bilan tanishdi

Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadim va betakror Samarqand shahrining ulug‘vor me’moriy obidalarini ko‘zdan kechirdi.

Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyini borib ko‘rdi. Ma’lumki, Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek buyuk olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari butun dunyoda, xususan, arab olamida falakiyot bo‘yicha ilmiy manba sifatida mashhur bo‘lgan.

Tanishuv chog‘ida temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik yuksak darajada rivojlangani, bu yurtimizdagi Ikkinchi renessansga asos bo‘lgani yodga olindi. Bugun yurtimizda islom sivilizatsiyasi, allomalar merosini o‘rganish bo‘yicha markazlar tashkil etilgani ta’kidlandi.

Keyingi manzil “Afrosiyob” muzeyi bo‘ldi. Bu yerdagi eksponat va devoriy suratlar Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiladi. Shunday suratlardan birida Afrosiyob hukmdorining elchilarni qabul qilish marosimi aks etgan. Bu ajdodlarimiz diplomatiyaga katta e’tibor bergani, Sharq o‘lkalari bilan azaldan hamkorlik yaxshi bo‘lganini ko‘rsatadi.

Dunyoga mashhur Registon maydoni – mamlakatimizning yana bir “tashrif qog‘ozi”, ajdodlarimiz bunyodkorlik salohiyatining go‘zal ifodasi. Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarining mahobati, o‘ziga xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uyg‘otadi.

Oliy martabali mehmonga madrasalarning qurilish tarixi, naqsh va ramzlarning mazmuni, maydonda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari haqida so‘zlab berildi. Qatar Amiri madrasalarni katta qiziqish bilan tomosha qildi.

So‘ng davlat rahbarlari Samarqandning Xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasiga tashrif buyurdilar.

Manba