Davlat rahbarlarining samarali muzokaralaridan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje In O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni qabul qildilar.
Bu hujjatda o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlash, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash maqsadlari o‘rin olgan. Raqamlashtirish, “yashil” iqtisodiyot va kuchli ijtimoiy siyosat sohalari alohida strategik sheriklikning uch muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Ikki mamlakat rahbarlari huzurida Sog‘liqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi bilan 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, shuningdek, energetika sohasida o‘zaro muloqot o‘rnatish, “aqlli shahar”larni rivojlantirish, Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi orqali moliyalashtirish, nodir metallar, mis va ularning qotishmalariga oid memorandumlar imzolandi.
Shuningdek, tashrif doirasida axborot texnologiyalari, “aqlli” qishloq xo‘jaligi sohalariga oid memorandumlar hamda Iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlikda tibbiy uskunalar yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Oldingisi
Alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratildi
17-dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidentining Seul shahridagi “Chong Va De” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
17.12.2021