Sport sohasidagi vazifalar bo‘yicha axborot berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga sport sohasidagi yirik tadbirlar va rejalar haqida axborot berildi.

Yurtimizda sport ancha rivojlanib bormoqda. Futbol, voleybol, boks, kurash, shaxmat, tennis, og‘ir va yengil atletikalarning ko‘plab turlari ommalashgan. Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” yosh avlod orasida jismoniy madaniyatni yanada keng yoyishga xizmat qilmoqda. 

Taqdimotda ommaviy sport, etnosport va gimnastikani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 

Xususan, “Besh tashabbus olimpiadasi”dagi sport turlari sonini 9 tadan 12 tagacha ko‘paytirish hamda ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida ham 5 ta yo‘nalishda o‘tkazish taklif qilinmoqda. Har yili Navro‘z bayrami arafasida Surxondaryoda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro chavandozlar musobaqasini yurtimizning boshqa hududlarida ham tashkil qilish mo‘ljallanmoqda. Yakkakurashlar bo‘yicha salohiyatni to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida barcha sport maktablarida qo‘l jangi to‘garaklarini ochish belgilanmoqda.

Ma’lumki, 2022-yil 25-mayda Prezidentning “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unda, jumladan, Xiva shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro etnosport festivali o‘tkazilishi belgilangan.

Ilk festivalni joriy yil 7-10-sentabr kunlari Ichan qal’ada o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Uning doirasida xalq o‘yinlari va sport musobaqalari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, qovun sayli, osh pishirish chempionati, sahnalashtirilgan dasturlar bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz rahbari festivalga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish, ishtirokchilar va turistlarga barcha qulayliklarni yaratish, Xiva shahrida “Xalqaro etnofestival bog‘i”ni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentimizning 2022-yil 23-dekabrdagi qaroriga muvofiq, gimnastika sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilmoqda. Ular ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi, bitiruvchilarga murabbiy va seleksioner mutaxassisligi bo‘yicha diplom beriladi. Hozirda markazlar uchun binolar qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash bo‘yicha loyihalar ishlanmoqda. Mazkur sport muassasalari 2024/25-o‘quv yilidan faoliyat boshlaydi.

Davlatimiz rahbari bu markazlarda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha eng ilg‘or uslublarni joriy etish, diyetologiyani rivojlantirish, o‘quvchilarning qatnoviga qulaylik yaratish zarurligini ta’kidladi.

Manba