Transport sohasidagi holat tanqidiy tahlil qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoev 28-yanvar kuni transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʼishlangan yigʼilish oʼtkazdi.

Mazkur sohadagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʼrsatishini taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-fevraldagi farmoniga binoan Transport vazirligi tashkil etilgan edi.

Bu borada muayyan ishlar qilingan boʼlsa-da, mamlakatimizning transport-tranzit salohiyatidan toʼliq foydalanilmayapti.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga koʼra, Oʼzbekiston tranzit salohiyatini hozirgi 7 million tonnadan 16 million tonnaga, 2030-yilda esa mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish evaziga 23 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.

Jahon bankining logistika reytingida yurtimiz 163 ta davlat orasida 99-oʼrinda boʼlib, xalqaro tashuvlarni amalga oshirishning soddaligi boʼyicha 120-oʼrinda qayd etilgan.

Optimal tarif siyosati mavjud boʼlmagani sababli tranzit yuk oqimini jalb etish va mahalliy tovarlarni tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish imkoniyati cheklanmoqda.

Yigʼilishda tranzit siyosatini butunlay qayta koʼrib chiqish Transport vazirligining eng muhim vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.

Temir yoʼl tizimini tubdan isloh qilish, sohaga xususiy kapitalni keng jalb etish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.

Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi holat ham tanqid qilindi. Milliy aviakompaniya negizida tashkil etilgan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aktsiyadorlik jamiyatlari mustaqil tashkilotlar sifatida faoliyatini toʼliq yoʼlga qoʼymagani sababli islohotlar natijasi koʼrinmayapti.

Shuningdek, oʼtgan yili 4 ta aeroportda “ochiq osmon” rejimi joriy etilib, “beshinchi havo erkinligi” oʼrnatilgan edi. Аmmo hanuzgacha bironta ham xorijiy aviakompaniya jalb qilinmadi. Bu holat yoʼlovchilarning asosli eʼtirozlariga, boshqa xorijiy aviakompaniyalar xizmatidan foydalanishiga sabab boʼlmoqda.

Shu bois, Jahon bankining tavsiyalari asosida sohada olib borilayotgan islohotlarni toʼliq yakuniga yetkazish va raqobat muhitini yaratish boʼyicha topshiriqlar berildi.

Navoiy va Termiz xalqaro aeroportlarini yuk tashish xabiga aylantirish maqsadida “ochiq osmon” rejimini joriy etib, xorijiy yuk tashuvchi aviakompaniyalarni keng jalb qilish vazifasi belgilandi.

Yangi aviakompaniyalar faoliyati uchun sharoit yaratish va parvozlar geografiyasini yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Аvtomobilь va jamoat transporti sohasida ham muayyan kamchiliklar bor.

Аholiga qulay va sifatli avtotransport xizmati koʼrsatishni taʼminlash maqsadida yoʼnalishlar uchun ochiq tenderlar oʼtkazish, jamoat transportiga oid tarif va tartiblarni qayta koʼrib chiqib, raqamlashtirish lozimligi qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda avtomobilь yoʼllarining holatini yaxshilash masalasiga ham toʼxtalib, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, tez fursatlarda Аvtomobilь yoʼllarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish boʼyicha koʼrsatmalar berdi.

Transport vazirligi huzuridagi nazorat organlarining ish uslubi eskicha ekani koʼrsatilib, ularning faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.  

Mutasaddilar yigʼilishda qayd etilgan muammolarni hal etish va ustuvor vazifalarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Manba