Bagʼrikenglik - davlat rivojlanishi va barqarorlikni taʼminlashning muhim omili

Bugun biz koronavirus pandemiyasining inqirozli oqibatlari millatlararo ziddiyat va konfessiyalararo munosabatlarning keskinlashuviga olib kelayotganiga guvoh boʼlmoqdamiz.

АQShning Pyu tadqiqot markazi maʼlumotlariga koʼra, dunyo aholisining aksariyati yashaydigan 50 dan ortiq mamlakatlarda insonlar bir-birlariga murosasiz munosabatda boʼlishi yoki alohida etnik guruhlarning huquq va erkinliklariga nisbatan jiddiy cheklovlar oʼrnatilishiga duch kelmoqda. Аyniqsa, insonlar muayyan davlatda harbiy harakatlarning oqibatlaridan aziyat chekmoqda. Etnik kelib chiqishi, biror dinga eʼtiqod qilish yoki qilmasligi sababli taʼqiblar, jazolash, kamsitish juda koʼp insonlar uchun kunlik tartibiy holatga aylanmoqda. Dunyoning koʼplab mamlakatlari qonunchiligida va xalqaro-huquqiy hujjatlarda inson huquqlarini himoya qilish tamoyilining mustahkamlanganligiga qaramay, ushbu huquqiy meʼyor dunyoning ayrim hududlarida cheklashlar, buzilishlar va amal qilmaslikka olib kelmoqda. Shu bois jamiyatlarda bagʼrikenglik (tolerantlik)ni taʼminlash jahon hamjamiyatining jamoaviy masʼuliyati boʼlib qolmoqda.

Har yili 16 noyabr kuni jahonda xalqaro bagʼrikenglik (tolerantlik) kuni sifatida nishonlanadi. Shu kuni 1995 yilda Birlashgan Millatlar tashkiloti (BMT)ning maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shugʼullanuvchi ixtisoslashgan muassasasi – YuNESKOga aʼzo davlatlar «Bagʼrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi»ni qabul qilishdi. Ushbu hujjatga koʼra, bagʼrikenglik siyosiy-huquqiy ehtiyoj boʼlib, u inson huquqlari, plyuralizm, demokratiya va qonun ustuvorligi taʼminlanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, har bir inson oʼz eʼtiqodiga rioya qilishi va boshqalarning ham bunday huquqini tan olgan holda, oʼz qarashlarini oʼzgalarga majburiy sindirishga yoʼl qoʼymasligi belgilangan.

Oʼz navbatida, BMT xalqaro hamjamiyatni, zarurat boʼlgan taqdirda, jamiyatlardagi barcha etnik guruh va shaxslarga teng imkoniyatlarni yaratish va taʼminlash maqsadida milliy qonunchilikni ishlab chiqish va takomillashtirishga chaqirdi. 1996 yilda Bosh Аssambleya BMTga aʼzo davlatlarga 16 noyabrni har yili nishonlashni va keng jamoatchilikka qaratilgan tadbirlarni oʼtkazishni taklif qildi.

Zoʼravonlikka qarshi kurashish va bagʼrikenglik gʼoyalarini keng targʼib qilish maqsadida YuNESKO hindistonlik rassom, yozuvchi va diplomat hamda mazkur tashkilotning yaxshi niyat elchisi boʼlgan Madanjit Singx (1924-2013) nomi bilan atalgan mukofotni joriy etdi. Mukofot 1995 yilda taʼsis etilgan boʼlib, u har ikki yilda bir marotaba zoʼravonlikka qarshi kurash va bagʼrikenglikni targʼib qilishda muhim hissa qoʼshgan shaxslarga va samarali faoliyat olib borayotgan muassasalar hamda tashkilotlarga beriladi.

2016 yilda ushbu mukofot turli diniy konfessiyalar oʼrtasidagi muloqotni ragʼbatlantirishga qaratilgan ilmiy va oʼquv dasturlarini ishlab chiqqan psixologiya va tolerantlik pedagogikasi sohasida faoliyat yurituvchi Rossiya federal ilmiy-uslubiy markaziga topshirildi. 2018 yilda mukofot bagʼrikenglik gʼoyasi targʼiboti uchun kanadalik rejissyor Manon Barbeau va NNT «Birga yashash tashabbusi» (Keniya)ga berilgan boʼlsa, 2020 yilda Kongo demokratik respublikasining Mojarolarni bartaraf qilish markazi jangarilar safiga yollangan bola-askarlarni qutqarish uchun va ularni oʼz jamoalariga reintegratsiya yoʼnalishida olib borgan ishlari uchun mukofotga loyiq topildi.

Oʼz navbatida, Oʼzbekiston Respublikasi ham mamlakatda yashayotgan turli madaniyat va millat vakillari oʼrtasida oʼzaro hamjihatlikni chuqurlashtirish orqali jamiyatda bagʼrikenglikni taʼminlash va mustahkamlashga eʼtibor berib kelmoqda. Bu tamoyillar Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosini tashkil etib, irqi, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, inson huquqlarini himoya qilish va taʼminlashga qaratilgan milliy normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan.

Konstitutsiyaviy kafolatlar mamlakatimizning barcha fuqarolariga oʼz istak-hohishlarini, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etish uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratib beradi. Shu bilan birga, Oʼzbekiston Respublikasining millatlararo va dinlararo totuvlikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosati Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro-huquqiy hujjatlarning asosiy printsiplariga toʼla mos keladi.

Ushbu sohadagi Oʼzbekiston siyosatining ustuvor tamoyillari inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, xavfsizlikni taʼminlash, dinlararo totuvlik va bagʼrikenglikni taʼminlash hisoblanadi. Mazkur jihatlar mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasida oʼz aksini topgan.

Inson huquqlari – inson huquqlarining barcha kategoriyalari – taklif etilayotgan islohotlarning zamini boʼlib xizmat etuvchi keng koʼlamli strategik hujjat, yaʼni Prezident tomonidan ilgari surilayotgan 2017-2021 yillarga moʼljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan barcha beshta ustuvor yoʼnalishda muhim oʼrin egallaydi.

Strategiyaga muvofiq, mamlakatda ijtimoiy hamjihatlik va diniy bagʼrikenglikni taʼminlash Oʼzbekistonning zamonaviy davlat sifatida rivojlanishining ajralmas qismidir. Xususan, soʼnggi yillarda, davlat qurilishi, millatlararo totuvlik, vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash sohasida 50 dan ortiq qonun hujjatlari va 40 ga yaqin qarorlar qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjatlarning aksariyati diniy eʼtiqodi yoki millatidan qatʼiy nazar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, jumladan, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etishga qaratilgandir.

2017 yil 19 maydagi Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan Oʼzbekiston amaliyotida birinchi marta Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʼstlik aloqalari qoʼmitasi – millatlararo munosabatlar sohasida yagona siyosatni amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi davlat boshqaruvi organi tashkil etildi. Shuningdek, 2019 yilda jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʼrikenglikni taʼminlash, doʼstlik muhitini shakllantirishga yoʼnaltirilgan millatlararo munosabatlar sohasida Oʼzbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, davlat idoralarining diniy tashkilotlar bilan oʼzaro aloqalarini muvofiqlashtiruvchi Din ishlari boʼyicha qoʼmita faoliyati ham takomillashtirildi.

Hozirgi kunda yuqorida qayd etilgan davlat muassasalari mamlakatda bagʼrikenglik, millatlararo va dinlararo totuvlikni taʼminlash sohasida oʼzlarining katta hissalarini qoʼshib kelmoqda.

Ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni taʼminlashda millatlararo omil katta ahamiyatga ega. Oʼzbekiston hududida tarixan turli madaniyatlar, eʼtiqod, sivilizatsiyalar, xalqlar va etnik guruh vakillari doʼstlik va yaxshi qoʼshnichilikda yashaganlar. Oʼzbekiston tarixining eng ogʼir davrlarida ham turli diniy konfessiya vakillari oʼrtasida diniy ziddiyatlar boʼlmagan. Turli xalqlarning tinch-totuv yashashiga asosan, qadimdan mintaqa aholisiga xos boʼlgan, millati va dinidan qatʼiy nazar, oʼzaro hurmat, xushmuomalalik, mehmondoʼstlik va samimiylik kabi hislatlar imkon bergan. Аvloddan-avlodga oʼtib kelayotgan bu fazilatlar va anʼanalarning uzluksizligi jamiyatimizda bagʼrikenglikni taʼminlashda muhimdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda, 138 milliy madaniyat markazlari va 34 doʼstlik jamiyatlari faoliyat koʼrsatmoqda. Ularning faoliyati Oʼzbekistonda yashayotgan barcha xalqlar va etnik diasporalarning tarixini hurmat qilish va madaniy-maʼnaviy qadriyatlarini, milliy anʼana va urf-odatlarini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash tamoyillariga asoslanadi.

Shu bilan birga, ayni paytda Oʼzbekistonda 2300 dan ortiq diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, ular qatoriga, musulmonlar, xristianlar, katoliklar, yahudiylar, budda ibodatxonasi, baxoiylik va krishnachilar jamiyatlarini kiritishimiz mumkin.

Mamlakatning har qanday hududida turli etnik guruhlar va din vakillari tinch va doʼstona yashaydigan mahallalar mavjud. Ular birgalikda milliy bayramlarni nishonlaydilar, bir-birlariga yordam beradilar va qoʼllab-quvvatlaydilar. Shunday qilib, madaniyatlarning oʼzaro boyishi turli millat va din vakillarining maʼlum bir hududlarda roʼy beradi, bu esa jamiyatda bagʼrikenglikni taʼminlashning muhim omili hisoblanadi.

Umuman olganda, dunyoda milliy-etnik munosabatlar tobora murakkablashib borayotgan bir paytda, hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham oz sonli millat vakillarini kamsitish va ularga zulm oʼtkazish birinchi oʼringa chiqayotgan bir paytda, Oʼzbekistondagi millatlararo va dinlararo bagʼrikenglikni taʼminlash sohasida olib borilayotgan ishlarni hech mubolagʼasiz yorqin naʼmuna sifatida qabul qilish mumkin. Oʼzbekiston xalqlarining asrlar davomida shakllangan hayot yoʼli jamiyat barqarorligi va davlat taraqqiyotini taʼminlashda xalqlar va dinlararo bagʼrikenglik mustakam asos boʼlib xizmat qiladi.

Sattorov Samariddin,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi