SMTI direktori o‘rinbosari: O‘zbekiston rahbari turkiy davlatlarda atrof-muhitni muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan tuzilma yaratishni taklif qildi

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyev “Dunyo” AA muxbiriga Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi. 

– Turkiy mamlakatlar rahbarlarining 12 noyabr kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan sammiti «Turkiy nazar – 2040» singari kelgusidagi hamkorlikni belgilovchi qator strategik hujjatlarning qabul qilinishi bilan yanada mazmunli o‘tdi, - dedi ekspert. - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turkiy davlatlarning savdo, transport, raqamlashtirish, fan va texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan birgalikdagi faoliyatining aniq mexanizmlari hamda hamkorlikning boshqa muhim yo‘nalishlari bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

Shu bilan birga, davlat rahbarimizning BMT bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatadigan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Turkiy davlatlar tashkilotining ixtisoslashgan yangi tuzilmasini yaratish tashabbusi alohida e’tiborga loyiqdir.

Prezidentimizning iqlim o‘zgarishi muammolari va ekologik masalalarga bunday munosabati, albatta, bejiz emas. Bu salbiy jarayonlar Markaziy Osiyoda dunyoning boshqa ko‘plab mintaqalariga qaraganda ancha jadal kechmoqda.

O‘zbekistonda ular chang bo‘ronlari sonining ko‘payishi, yerlar degradatsiyasi va suv resurslarining kamayishida namoyon bo‘lmoqda.

Ekologik muammolarning dolzarbligi ortib borayotgani munosabati bilan O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida 2023 yilda global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun BMTning atrof-muhit Oltinchi Assambleyasini yuqori darajada o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Orol fojiasi oqibatlarini minimallashtirish va iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha qator keng qamrovli va uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish milliy strategiyasi, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish boshlandi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar doirasida energiya samaradorligi 2030 yilga borib ikki barobarga oshadi va qayta tiklanadigan energiya ulushi kamida 25 foizga yetadi.

Qurg‘oqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish borasida qat’iy harakatlar amalga oshirilmoqda. Manfaatdor hamkorlar bilan sa’y-harakatlarga qo‘shilish maqsadida 2022 yilda Orolbo‘yi mintaqasida, Nukus shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda «yashil»  energetika bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro forum o‘tkaziladi. Mazkur tadbir BMT Bosh Assambleyasining joriy yil may oyida tasdiqlangan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ladi.

Bundan tashqari, yaqinda Glazgoda bo‘lib o‘tgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha butunjaxon konferensiyasida O‘zbekiston hukumati 2010 yilga nisbatan 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari miqdorini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat oldi. Ushbu maqsadga 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishishni ta’minlashni nazarda tutuvchi kam uglerodli rivojlanish milliy strategiyasi ishlab chiqish orqali erishiladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga boshqa turkiy davlatlar ham katta ahamiyat qaratmoqda. Shuni hisobga olgan holda Orolbo‘yida Turkiy davlatlar tashkilotining ixtisoslashgan tuzilmasini yaratish bu yo‘nalishdagi birgalikdagi ishlarga izchillik beradi va turkiy dunyo mintaqasidagi asosiy ekologik ofat – Orol dengizi muammosiga qo‘shimcha e’tiborni jalb etadi. Bunday tuzilma barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida muloqot va hamkorlikni kuchaytirish orqali turkiy mamlakatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish muammolarini hal etishda ko‘maklashadi.

Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitiga kelib O‘zbekiston hududida ushbu muassasaning qarorgohi ochilishini kutish mumkin.

Manba