SMTI eksperti: Xalqaro konferensiyani o‘tkazishdan mintaqa mamlakatlari manfaatdor

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinganining 10 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyani o‘tkazish borasidagi tashabbus ham ilgari surildi.

O‘zbekiston prezidenti huzurida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Timur Ahmedov ushbu tashabbus ahamiyati xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

— BMTning mazkur Global strategiyasi ushbu yo‘nalishdagi milliy, mintaqaviy va xalqaro hujjatlarni takomillashtirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Ushbu hujjatning qabul qilinishi BMTga a'zo barcha davlatlarning terrorizmga qarshi kurash borasida umumiy strategik asoslar bo‘yicha kelishib olganliklarini bildiradi.

Markaziy Osiyo birinchi bo‘lib BMTning Global aksilterror strategiyasini hamkorlikda va kompleks amalga oshirishni boshladi. 2021 yilda ushbu Global strategiyani amalga oshirish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarining Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinganiga 10 yil to‘ladi.

E'tiborli jihati, Qo‘shma harakatlar rejasi ko‘p tomonlama maslahatlashuvlar va konsensus asosida ishlab chiqilgan. Yana bir jihat, boshqa mintaqalarda bunday Qo‘shma harakatlar rejasi mavjud emas. Qo‘shma harakatlar rejasining qabul qilinishi va amalga oshirilishi mintaqa davlatlarining terrorizmga qarshi kurashda yakdilligini anglatadi.

Qo‘shma harakatlar rejasi, shuningdek, BMTning Global aksilterror strategiyasining 4ta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha qilinishi kerakligi bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Bu boradagi birinchi yo‘nalish terrorizmning tarqalishi uchun qulay sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar, ya'ni unga olib keluvchi omillar, shu jumladan, yoshlar o‘rtasida ishsizlik, gender tengligi, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni yechishga qaratilgan. Ikkinchi yo‘nalish terrorizmga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri kurashishdir. Uchinchi yo‘nalish sifatida davlatlarning ushbu sohadagi salohiyatini kuchaytirish belgilangan. Va eng asosiysi, to‘rtinchi yo‘nalish, terrorizmga qarshi kurashning asosi sifatida inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta'minlash hisoblanadi.

— Ayting-chi, mamlakatimizda bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— O‘zbekistonda so‘nggi yillarda terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar BMTning ushbu sohadagi tavsiyalariga va Global aksilterror strategiyasining ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi.

Terrorizmga qarshi kurashning asosiy vazifasi uning kelib chiqishi va tarqalish sabablarini bartaraf etishdan iborat. Islohotlarga muvofiq, ekstremizm, terrorizm va boshqa uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy va amaliy choralar kuchaytirildi.

Hozirgi kunda faqat kuch ishlatish yo‘li bilan emas balki profilaktik choralarni kuchaytirish orqali ijobiy natijalarga erishilmoqda. Ushbu yo‘nalishda bir qator qonunchilik normalari qabul qilindi va institutsional organlar yaratildi. Davlat va jamoat institutlari terrorizm g‘oyalari tarqalishiga qarshi faol ish olib borishmoqda.

O‘zbekiston BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi va BMT Xavfsizlik Kengashining notinch hududlardan ayollar va bolalarni vataniga qaytarish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini amalga oshirdi. O‘tgan yilgi «Mehr» operatsiyasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shuni aytib o‘tishim kerakki, dunyoning faqat sanoqli mamlakatlari shunga o‘xshash chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Markaziy Osiyo mintaqasida esa bunday davlat talaygina. Bu ham terrorizmga qarshi kurashdagi yakdillikdan dalolat beradi.

— Qo‘shma harakatlar rejasining 10 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyani o‘tkazish mintaqa mamlakatlari uchun nima beradi?

— Ushbu xalqaro konferensiyada terrorizmning oldini olish bo‘yicha o‘rta istiqbolli rejalar tuziladi hamda unga qarshi kurashish choralari va erishilishi lozim bo‘lgan umumiy maqsadlar belgilanadi, o‘zaro fikr va mulohazalar almashiniladi.

Markaziy Osiyoda terrorizmning oldini olish milliy va mintaqaviy barqarorlikni ta'minlash aholi farovonligi va xavfsizligini himoya qilish uchun juda muhimdir. Yana bir misolni keltirib o‘tmoqchiman, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat tovar va xomashyolarning erkin harakatiga zamin yaratdi, balki fuqarolarning ham erkin harakatlanishi uchun qulay sharoitlarni taqdim etdi. Bundan esa terroristik g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan shaxslar foydalanishi mumkin. Bu esa davlatlarning huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zaro hamkorlik mexanizmini yaratishni taqozo etadi. Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirishga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi aynan o‘zaro tajriba va axborot almashish uchun zamin yaratmoqda.

Xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlari Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash uchun dolzarb muammo bo‘lib qolayotgan bir paytda mazkur yo‘nalishda xalqaro konferensiyani o‘tkazish umumiy sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun imkoniyat beradi. Eng asosiysi, birgalikdagi harakatlar Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro manfaatlariga to‘liq mos keladi.

Manba