O‘zbekiston – Eron: Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi, iqtisod fanlari doktori Dmitriy Trostyanskiyning fikricha, davlatimiz rahbarining Eronga tashrifi, har tomonlama manfaatli O‘zbekiston – Eron hamkorligi rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston Prezidenti 20 yil ichida Eronga ilk bor tashrif buyurdi, har ikki tomon ushbu voqea o‘zaro munosabatni mustahkamlashda tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Oliy darajadagi muzokaraning muhim yakuni sifatida ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot hamda hukumatlar, idoralar va hududlar darajasida 15 ta hujjat imzolandi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda barqaror o‘sish xususiyatini namoyon etayotgan o‘zaro savdo so‘nggi 3 yilda 1,7 barobar oshdi va 2022 yil yakunida 435,7 million dollarni tashkil etdi. Joriy yil yanvar-aprel oylarida ushbu ko‘rsatkich 186,3 million dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uchdan bir hissa ko‘p. Qiyosiy jadvalda import 116,8 milliard dollardan 119,4 milliard dollargacha ko‘tarilgan. Shu bilan birga O‘zbekistonning Eronga eksporti ham yuqori sur’atda ortib, 49,7 milliard dollardan 66,9 milliard dollarga yetgani yana bir ijobiy holat.

Bugun Eron biznesining O‘zbekistonga qiziqishi juda yuqori. So‘nggi yillarda eronlik tadbirkorlarning mamlakatimizdagi sarmoyaviy faolligi 3 barobar oshdi. Birgina 2022 yil yurtimizda ushbu davlatning 105 yangi korxonasi ro‘yxatga olindi. Ayni payt mamlakatimizda Eron sarmoyasi ishtirokidagi 397 biznes sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 212 tasi qo‘shma, 185 tasi to‘liq  xorijiy korxona.

Davlatimiz yetakchisiining rasmiy tashrifi arafasida O‘zbekiston va Eron ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan forum savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishi shubhasiz. Ushbu anjuman natijasida qariyb 200 million dollarlik qator investitsiyaviy va savdo shartnomalari imzolandi.

Muzokaralar davomida Markaziy Osiyoni Eron bilan bog‘laydigan eng qisqa transport-logistika yo‘laklaridan foydalanish masalalariga, shuningdek, energetika, mashinasozlik, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati, sanoat-qurilish materiallari, farmatsevtika, asbobsozlik va elektrotexnika sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki davlat rahbarlari uchrashuvi davomida tovar ayirboshlash qiymatini hozirgi 435 million dollardan 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsad belgilandi, qo‘shma “yo‘l xaritalari” tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmini yaratish rejasi ilgari surildi.

Xususan, Eronning “Kish” (turizm, savdo), “Chobahor” (savdo, sanoat), “Aras” (savdo, sanoat) va O‘zbekistonning “Navoiy”, “Angren” erkin iqtisodiy zonalari o‘rtasida ishlab chiqarish kooperatsiyasi asosida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ana shu ezgu niyatlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Buxoro viloyati va Hamadon muzofoti, shuningdek Samarqand va Isfaxon shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish ham sheriklikning muhim yo‘nalishidir.

Bu sa’y-harakatlar tadbirkorlar o‘rtasida kooperatsiya aloqasini yo‘lga qo‘yish, mahalliy xom ashyoni qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishda Eron texnologiyalaridan foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududiy bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish imkonini beradi.

Xullas, muzokaralar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabat bugungi kunda mintaqaviy savdo, tranzit va transport salohiyatini rivojlantirish, umumiy qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, hamkorlik loyihalarini amalga oshirish kabi sohalarda manfaatlar yaqinlashib borayotgani bilan tavsiflanadi. Bu esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.

Manba