Koronavirus infeksiyasi virusining yer yuzi boʻylab tarqalish surʼati yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. JSST maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 5 oy ichida dunyo boʻylab 15 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan yoshlar orasida COVID-19 bilan kasallanish darajasi uch barobarga koʻpaydi. Ekspertlarning taʼkidlashicha, yoshlar niqob taqish va ijtimoiy masofani saqlash kabi yoshlar ehtiyot choralariga beparvo qaramoqda.
“Reuters” xabar berishicha, JSST tomonidan 6 million zararlanish holati tahlil qilingan. Tahlil natijalari asosida tashkilot mutaxassislari 24-fevraldan 12-iyulgacha boʻlgan davrda 15-24 yoshdagilar orasida COVID-19 virusini yuqtirganlar soni 15 foizgacha oshdi, degan xulosaga kelishdi. Ushbu yosh guruhida yuqtirilganlar foizi 4,5 edi.
Tashkilot mutaxassislarining maʼlum qilishicha, ushbu davrda 5 yoshdan 14 yoshgacha boʻlganlar orasida kasallikka chalinganlar soni 0,8 foizdan 4,6 foizga oshdi, bu esa maktablar ochilgandan soʻng infeksiya tarqalishining yangi toʻlqini kelishi borasida xavotir tugʻdirmoqda.
Markaziy Osiyo (Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston)da kasallanish ulushi butun dunyoda aniqlangan holatlar statistikasining haliyam 1,09 foizini tashkil qilmoqda. Tuzalganlar koʻrsatkichi nisbati 1,2, oʻlim holati nisbati esa 0,6 foizga teng.
Soʻnggi kunlarda Qozogʻiston va Qirgʻizistonda koronavirus tarqalish surʼati pasayishi kuzatilmoqda. Shunga qaramay, ushbu mamlakatlarda kuzda mavsumiy kasalliklar - gripp va ORVI holatlari koʻpayishi tufayli koronavirus infeksiyasining ikkinchi toʻlqinining oldini olish boʻyicha faol choralar koʻrilmoqda.
Statistika
“Worldometers” maʼlumotiga koʻra, 5-avgust soat 17:00 holatiga koʻra dunyoda kasallanganlarning umumiy soni 18 million 728,7 ming kishini tashkil etdi, 704,8 mingdan ortiq odam vafot etgan.
Kasallanish holati eng koʻp qayd etilgan davlatlar: AQSH - 4 million 918,8 ming, Braziliya - 2 million 808,1 ming va Hindiston - 1 million. 910,7 ming kishi.
Oʻlim holati: AQSH - 160 323, Braziliya – 96 096, Meksika – 48,869, Buyuk Britaniya - 46 299, Hindiston - 39 856. COVID-19 dan davolanganlarning umumiy soni 11 941 353 kishiga yetdi, bu umumiy miqdorning 63,7 foiziga teng.
Markaziy Osiyodagi vaziyat
Qozogʻistonda kasallanganlarning umumiy soni 94,882 nafar, 67 031 kishi sogʻaygan, 1058 fuqaro vafot etgan. “Kazinform” XAA xabar berishicha, Idoralararo komissiyaning yigʻilishi boʻlib oʻtib, unda Qozogʻistonning COVID-19 qarshi ehtimoliy vaksinalar majmuasidan foydalanish masalalari koʻrib chiqildi.
Xabar qilinishicha, yigʻilish davomida Sogʻliqni saqlash vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi koronavirusga qarshi vaksinani sotib olish boʻyicha dastlabki shartnomalarni tuzish yuzasidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi. Bosh vazir oʻrinbosari Ye.Tugjanov davlat idoralariga vaksinatsiya qilinadigan guruhlarni aniqlash, zarur xarajatlarni hisoblash va Qozogʻistonning “Covax Facility” dasturida ishtirok etish imkoniyatlarini tahlil qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Koronavirus infeksiyasiga qarshi mahalliy vaksinani ishlab chiqarishni jadallashtirish, shuningdek, joriy yil oxiriga qadar Jambil viloyatidagi Biologik xavfsizlik muammolari ilmiy-tadqiqot instituti huzurida vaksinalar ishlab chiqarash boʻyicha biofarmatsevtika zavodini ishga tushirish zarurligi alohida qayd etildi.
Qirgʻizistonda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 38 110 ga yetdi, 29 513 kishi tuzaldi, 1 438 nafar fuqaro vafot etdi. Bugungi kunga kelib, mamlakat epidemiologlari Oksford universitetidagi hamkasblari bilan birgalikda epidemiologik vaziyatni prognozlashni qayta tahlil qildilar.
Profilaktika tibbiyoti ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi huzuridagi Respublika infeksiyani nazorat qilish ilmiy-amaliy markazining epidemiologi A.Kravsov kuzda mamlakatda iyul oyida boʻlgani kabi kasallanishning choʻqqisi kutilmoqda, deb taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, tahlil shuni koʻrsatdiki, mamlakatda kasallanishning choʻqqisi oktyabr oyida boʻlishi kutilmoqda. Shu sababli epidemiolog kuzda mamlakatda “ikkinchi toʻlqin” boʻlishiga xolis tayyor boʻlish kerakligiga ishonadi.
Hukumatda Bosh vazir K.Boronov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi. Vazirlar Mahkamasi rahbarining soʻzlariga koʻra, Qirgʻizistonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boshlandi, fuqarolarni gripp va ORVIga qarshi emlash rejalashtirilgan. K. Boronov taʼkidlashicha, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari mavsumiy kasalliklarga qarshi bepul emlanadi. Vaksinalar sentyabr oyida keladi va emlash ixtiyor ravishda amalga oshiriladi.
Tojikistonda bemorlarning umumiy soni - 7 646 nafar, 6 356 kishi sogʻaydi, 61 fuqaro vafot etgan.
Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti(FAO) COVID-19 pandemiyasining taʼsiri tahliliga bagʻishlangan mintaqaviy axborotni eʼlon qildi, deb xabar beradi “Sputnik”. Hujjatda joriy yilda Tojikistonda noqulay ob-havo sharoiti hamda urugʻ va oʻgʻitlar kabi resurslarni olishdagi qiyinchiliklar tufayli bugʻdoy yetishtirish hajmi kamayishi mumkinligi koʻrsatilgan.
Biroq, FAOning qishloq xoʻjaligi savdo siyosati boʻyicha iqtisodchisi Chen Fanning taʼkidlashicha, oziq-ovqat mahsulotlari zanjirlarining buzilishi va narxlarning koʻtarilishi tufayli uy xoʻjaliklari oʻz byudjetlarining qariyb yarmini oziq-ovqatga sarflamoqda. Ushbu holat, ayniqsa, aholining zaif guruhlari, xususan, Tojikistondagi pensionerlar uchun dolzarbdir. Shuni inobatga olib, FAO Tojikiston, Qirgʻiziston, Armaniston, Bosniya va Gersegovina, shuningdek Chernogoriya aholisining zaif qatlamlari uchun oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash uchun maxsus ijtimoiy yordam paketlarini shakllantirdi, deb qoʻshimcha qilishdi tashkilotda.
Dunyodagi soʻnggi tendensiyalar
JSST Bosh direktori T. Gebreyesus tibbiy niqob nafaqat virus tarqalishini oldini oluvchi himoya vositasi, balki atrofdagilarga nisbatan gʻamxoʻrlik va hamjihatlikning namoyonidir, deb taʼkidladi. Shu bilan birga, NTV kanali xabariga koʻra, JSST rahbari ushbu tashkilot xalqaro marafon - turli tibbiy niqoblardagi odamlarning fotosuratlari uchun tanlovni boshlaganini eʼlon qildi. Taʼkidlanishicha, Yaponiya ushbu musobaqada gʻalaba qozonish uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi, yaʼni u yerda nafaqat virusdan himoyalaydigan, balki 8 tilda suhbat olib borish imkonini beradigan niqob yaratilgan, buning uchun mobil ilovani yuklash kifoya.
“RIA Novosti” Turkiya sogʻliqni saqlash vaziri F. Kodjiga tayanib xabar berishicha, chet ellik sayyohlar uchun chegaralar ochilgandan soʻng uzoq vaqt ichida birinchi marta mamlakatning kurortlarida COVID-19 infeksiyasi bilan zararlanish holatlari keskin koʻpayishi kuzatilmoqda. Vazir “Twitter”da taʼkidlaganidek, Turkiya xavfli oqibatlarning oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi kerak.
JSST Rossiya vaksinatsiga shubha bilan qaramoqda. “Tass.ru” xabar berishicha, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining rasmiy vakili K. Lindmayer tashkilotning dori ishlab chiqish boʻyicha qoidalari va bosh prinsiplariga tashkilotga aʼzo boʻlgan barcha davlatlar amal qilishi kerakligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, yaqin kelajakda Rossiyada koronavirus keltirib chiqargan COVID-19 kasalligiga qarshi vaksina roʻyxatga olinishi mumkinligi haqida rasmiy maʼlumotga ega emas.
Vaksina va dori ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar, tadqiqotlar
Eronning “IRNA” agentligi xabar berishicha, JSSTning Erondagi vakili K.Xamelman mamlakat tibbiy va farmatsevtika uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha eng maqbul salohyatga erishganini aytib, ushbu imkoniyatlar Eron sogʻliqni saqlash tizimiga COVID-19 koronavirus infeksiyasi pandemiyasini yengishda yordam beradi, deb taʼkidladi. JSST vakili soʻzlariga koʻra, Eron koronavirusga qarshi kurashda amalga oshirgan eng muhim chora-tadbirlaridan biri bu laboratoriyalarning afzalliklaridan foydalanish orqali imkoniyatlar yaratish va diagnostika salohiyatini oshirish boʻldi.
Isroil immunologi, professor Ya.Berkun “RIA Novosti”ga bergan intervyusida odamlarni koronavirusga qarshi shoshma-shosharlik bilan emlash kerakmasligi haqida ogohlantirdi. Uning soʻzlariga koʻra, koronavirusga qarshi vaksina keng miqyosda joriy etilishidan oldin, u turli aholi toifalari uchun samarador va xavfsiz boʻlishiga ishonch hosil qilish maqsadida minglab odamlar ishtirokida sinovlarning 3-bosqichini yakunlash kerak.
“Euronews.com” yozishicha, Buyuk Britaniya Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyati koronavirus xavfini inkor etgayotganlarning va vaksinatsiyaga shubha bilan qarayotganlarning “ovozi” baland yangrayotganidan tashvishlanmoqda. Vaksinatsiyaga shubha bilan qarayotganlarning taʼkidlashicha, emlash insonning tabiiy immunitetiga shikast yetkazadi, ommaviy va majburiy emlash esa tanlash erkinligini buzadi.
Gamaleya nomidagi milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markazi direktori A.Ginsburgning soʻzlariga koʻra, kuz-qish mavsumida jamoaviy immunitetning pasayishi koronavirusga qarshi emlash zaruriyatining asosiy mzonlaridan biridir.
Uning soʻzlariga koʻra, jamoaviy immunitet tushunchasi nafaqat shakllangan immunitetni, balki quyosh va vitaminlar hisobiga koʻpayadigan interferonlarni ishlab chiqarish bilan belgilanadigan immunitetni ham oʻz ichiga oladi.
COVID-19 ning salbiy oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari
“VVS Africa” xabariga koʻra, Nigeriyadagi oʻrta maktablarning bitiruvchi sinflarida darslar koronavirus tarqalishi sababli mamlakatdagi barcha maktablar yopilganidan deyarli 4 oy oʻtgach qayta boshlandi. Taʼkidlanishicha, niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash va qoʻl yuvish vositalaridan foydalanish mamlakatning barcha maktablarida majburiydir.
Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal oʻlkasida jamoat transportida niqob taqish tartibini buzganlik uchun jazo kuchaytirilmoqda.
Avtobuslar va elektr transport vositalariga niqob taqish talabini buzganlarga 150 yevro miqdorida jarima koʻzda tutilgan boʻlib, jarima birinchi qoidabuzarlik aniqlanganishi bilanoq olinadi. Taʼkidlanishicha, shu paytgacha jamoat transportida niqob taqish talabini buzganlik uchun jazo birinchi ogohlantirishdan keyin qoʻllanilgan edi.
“Rheinische Post” mahalliy nashr xabar berishicha, mamlakat transport vaziri X. Vyustning soʻzlariga koʻra, ogʻiz va burunni himoya qilmagan har qanday kishi keyingi bekatda tushishi va yoʻl haqini toʻlashi kerak. Shuningdek, u belgilangan talablarni buzuvchilar bilan tushuntirish ishlari boshqa boʻlmaydi, deb taʼkidladi.
Fransiyada Parij shahrining meri A.Idalgo epidemiyaning ikkinchi toʻlqinini toʻxtatish uchun poytaxtning ayrim hududlarida niqob taqish tartibini joriy etish niyatida ekanligi haqida deb xabar beradi “Le Figaro”. Shu nuqtayi nazardan, Parij merining sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha oʻrinbosari parijliklarning 90 foizi koʻchalarda niqoblarini taqmaydilar, deb taʼkidladi. Nashrning taʼkidlashicha, qaror yaqin kunlarda qabul qilinishi kerak. Tegishli qaror savdo koʻchalari, Sena qirgʻoqlari, park va bogʻlar hamda yopiq bozorlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Shu bilan birga, yuqoridagi nashr xabar berishicha, Fransiya Madaniyat vazirligi bayonotiga koʻra, 5 mingdan ziyod kishi ishtirok etadigan tadbirlarga 15-avgustdan boshlab sanitariya protokoliga amal qilgan holda maʼmurlar tomonidan ruxsat berilishi mumkin.
Daniyaning “DR” radiostansiyasi xabar berishicha, mamlakat bosh epidemiologi K.Myolbak Daniyada karantin tadbirlarining yumshashiga va tungi klublar ochilishini nazarda tutuvchi 4-bosqichga oʻtishiga qarshi ekanini maʼlum qildi. Ayni paytda Daniya hukumati tungi klublarni ochishni koʻzda tutuvchi cheklov choralarini bekor qilishning keyingi bosqichiga oʻtishni muhokama qilmoqda. Bundan tashqari, yaqin dam olish kunlaridan boshlab tadbirlarda ishtirok etish ruxsat etilgan odamlarning soni 100 dan 200 ga koʻpatiriladi.
Isroil Sogʻliqni saqlash vazirligi Ukraina Rosh xa-Shana bayrami uchun Umanga boradigan hasid ziyoratchilarni qabul qilmasligi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligining xalqaro munosabatlar departamenti direktori A. Shulmanga tayanib, “Deutsche Welle” gazetasi xabar bermoqda. Uning soʻzlariga koʻra, koʻp sonli ziyoratchilarning kichik bir hududda toʻplanishi koronavirus infeksiyasining yangi toʻlqinini keltirib chiqarishi mumkin. Avvalroq, Isroilning Ukrainadagi elchisi, mamlakatning bosh ravvini, Uman meri ziyoratchilarni koronavirus tarqalishi havfi tufayli Ukrainaga bormaslikka chaqirdi.
“Kommersant” nashrining maʼlumotiga koʻra, Rossiyadagi “Vnukovo” va “Domodedovo” aeroportlari yoʻlovchilarni koronavirus uchun ekspress-testlashni ishga tushiradi. Avvalroq, shunga oʻxshash test tizimi “Sheremetyevo” aeroportida joriy etilgan edi. Taʼkidlanishicha, aeroportlarda koronavirusni diagnostika qilish uchun “EMG” Rossiya-Yaponiya kompaniyasi tomonidan Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya fondi koʻmagida ishlab chiqarilgan test tizimlari qoʻllaniladi.