Dunyoda koronavirus tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida

Soʻnggi ikki kun ichida yer yuzi boʻylab koronavirus infeksiyasi tarqalishi surʼati qariyb 25-28 foizga pasaygani va tuzalganlar (242,5 ming kishi) soni 63,3 foizni tashkil etib, virus yuqtirgan odamlar (218 ming kishi) sonidan oshganiga qaramasdan, dunyodagi epidemiologik vaziyat tashvishli boʻlib qolmoqda. Oʻlim darajasi oʻzgarishsiz qoldi - 3,8 foiz.
Markaziy Osiyo (Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston)da kasallanish ulushi butun dunyoda aniqlangan holatlar statistikasininghaliyam 1,09 foizini tashkil qilmoqda. Tuzalganlar koʻrsatkichi nisbati 1,2, oʻlim holati nisbati esa 0,5 foizga teng.

Qozogʻiston va Qirgʻizistonda koronavirus infeksiyasi tarqalish surʼati sezilarli darajada pasaydi. Kun davomida ushbu mamlakatlarda davolanganlar soni kasallanish yangi holatidan deyarli ikki barobar oshdi. Qozogʻistonda tuzalganlar soni 2617 kishini, yangi kasallanish holatlari esa 1,158 tani tashkil etdi, Qirgʻizistonda esa bu koʻrsatkich tegishli ravishda 816 va 412 ga teng. Tojikistonda kasallik tarqalishi dinamikasi, vafot etganlar va tuzalib ketganlar ulushi bir oydan beri oʻzgarmayapti.
Statistika

“Worldometers” maʼlumotiga koʻra, 4-avgust soat 17:00 holatiga dunyoda kasallanganlarning umumiy soni 18 million 476 ming kishini tashkil etadi, 698,2 mingdan koʻproq odam vafot etgan.

Kasallanish holati eng koʻp qayd etilgan davlatlar: AQSH - 4 million 862,1 ming, Braziliya - 2 million 751,6 ming va Hindiston - 1 million. 855,3 ming kishi.

Oʻlim holati: AQSH - 158 929, Braziliya - 94 702, Meksika - 48 012), Buyuk Britaniya - 46 210, Hindiston - 38 971.

COVID-19 dan davolanganlarning umumiy soni 11 702 315 kishiga yetdi, bu umumiy miqdorning 63,3 foizini tashkil etadi.
Markaziy Osiyodagi vaziyat

Qozogʻistonda kasallanganlarning umumiy soni 93,820 nafar, 65 132 kishi sogʻaygan, 1058 fuqaro vafot etgan.

Qozogʻiston hukumati matbuot xizmatining xabar berishicha, hukumat eng muhtoj oilalar farzandlariga masofadan turib oʻqish imkoniyatini berish uchun 500 mingga yaqin kompyuterlar yetkazilishini taʼminlaydi. Tuman, shahar va viloyatlar maʼmuriyatiga mahalliy darajada kompyuter uskunalari bilan taʼminlash masalasini koʻrib chiqish boʻyicha qoʻshimcha topshiriq berildi. Taʼkidlanishicha, 24 ming oʻqituvchi shaxsiy kompyuterlarga ehtiyoj sezmoqda va shu sababli ularga vaqtincha foydalanish uchun maktab texnikasi beriladi.

Bosh vazir Asqar Mamin 20-avgustga qadar onlayn-rejimda respublika miqyosida ota-onalar majlisini tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi. Majlisda boʻlajak oʻquv jarayoni haqida tushuntirish beriladi. Xabar qilinishicha, yangi oʻquv yilining birinchi choragida mashgʻulotlar masofadan turib oʻtkaziladi, Bundan sanitariya normalariga qatʼiy rioya qilish sharti bilan kichik formatdagi maktablar hamda boshlangʻich maktablarning “navbatchi” sinflari istisno. 

Yangi oʻquv yilida Qozogʻistonda 3,3 milliondan ortiq oʻquvchi, jumladan 396 mingdan ortiq birinchi sinf oʻquvchisi tahsil oladi. Ulardan 2,6 million (79 foiz)i internet platformasi va televideniyedan foydalangan holda masofadan turib, 530 ming (17 foiz) bola “navbatchi” sinflarda va 157 ming nafardan ortiq oʻquvchi (4 foiz) qishloqlarda shtatli rejimda oʻqishni boshlaydi. Oliy oʻquv yurtlarida taʼlim asosan masofadan turib amalga oshiriladi.

Qirgʻizistonda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 37 541 ga yetdi, 28 743 kishi tuzaldi, 1 427 nafar fuqaro vafot etdi.

Tojikistonda 44 ta yangi holat aniqlanib, bemorlarning umumiy soni - 7 495 ga yetdi, 6 276 kishi sogʻaydi, 61 fuqaro vafot etdi.

“Asia-plus” portali xabar berishicha, Tojikiston Dubay bilan muntazam aviareyslarni tikladi. Dubaydan birinchi reys 5-avgust kuni kechasi Dushanbega qoʻnadi. Uni “Flydubai” avikompaniyasi amalga oshiradi. Taʼkidlanishicha, BAAga parvoz qilish uchun talab qilinadigan odatiy hujjatlar roʻyxati bilan bir qatorda, barcha yoʻlovchilar parvozdan 72 soat oldin berilgan COVID-19 yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etishlari kerak boʻladi. Niqob taqish va qoʻlqop kiyish majburiy. Tana harorati koʻtarilgan yoki kasallik alomatlari boʻlgan yoʻlovchi samolyot saloniga kiritilmaydi. Tojikistonga kelib, barcha yoʻlovchilar koronavirus uchun test topshiradi va natijalar chiqmaguncha karantin zonasida saqlanadi.
Dunyodagi soʻnggi tendensiyalar.

BMT Bosh kotibi Antonio Gutterishning taʼkidlashicha, koronavirus tufayli maktablar va oliy oʻquv yurtlarining yopilishi 160 mamlakatda 1 milliardga yaqin talaba va oʻquvchi uchun toʻliq taʼlim jarayoni buzilishiga olib kelgan. Bu haqdagi maʼlumotlar BMT sayti (un.org)da joylashtirilgan. Eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab kamida 40 million bola maktabgacha taʼlimdan mahrum boʻldi. Darslarni onlayn, radio va televideniye orqali oʻtkazish barcha oʻquvchilarni qamrab olish imkonini bermadi.

A. Gutterishning soʻzlariga koʻra, dunyo “avlodlar fojiasiga”ga duch kelmoqda, natijada ulkan insoniy salohiyat ishlatilmay, barbod boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, tengsizlik yana-da kuchayadi va taʼlimda erishilgan barcha yutuqlar yoʻqoladi.

Shu sababli Bosh kotib “Kelajagimizni qutqarish” shiori ostida yangi dastur ishga tushirilishini eʼlon qildi. Ushbu dastur doirasida BMT barcha davlatlarni COVID-19 epidemiyasi jilovlanishi bilanoq maktablarni qayta ochishga chaqirmoqda. Oʻz navbatida, tashkilot turli mamlakatlar mansabdor shaxslariga bu borada koʻrsatma va qoidalar yuzasidan yordam berishni vaʼda qildi. Shuningdek, BMT mablagʻlarni taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishda ularni asosan taʼlimga sohasiga sarflashga daʼvat qilmoqda.

Koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqish atrofidagi “maʼlumotlar shov-shuviga” izoh berib, BMT koʻpdan beri kutilgan vaksina panatseya boʻlmasligi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Germaniyaning “Tagesschau” portali xabar berishicha, Tashkilot dunyo mamlakatlarini vaksina koʻrinishidagi “sehrli tayoqchaga” umid qilmaslikka chaqirmoqda, chunki vaksina global saʼy-harakatlarga qaramasdan, hech qachon paydo boʻlmasligi ham mumkin. JSSTning mansabdor shaxslari T. Gebreyesus va M.Rayan normal hayotga qaytish yoʻli uzoq boʻlishini taʼkidlamoqda. Ular barcha davlatlarni niqob taqish, masofani saqlash va gigiyena qoidalari kabi choralarni soʻzsiz bajarishga chaqirmoqda. Tashkilot mutaxassislarining fikricha, himoya niqoblari butun dunyodagi birdamlik timsoliga aylanishi kerak.

“Interfax” xabar berishicha, JSST koronavirusga qarshi kurashda Vyetnamdan oʻrnak olish kerakligini taʼkidlamoqda. Tashkilot eksperti M.van Kerkxove ushbu mamlakat hukumati harakatlarini yuqori baholab, shunday dedi: Ular tezkor va keng qamrovli harakatni amalga oshirishdi, ularda ushbu virusni jilovlashda yordam beradigan tizim bor. Aynan shuni barcha mamlakatlarda koʻrishimiz kerak. Vyetnam ushbu virusga hech qanday imkoniyat qoldirmay, yirik fojea yuzaga kelishining oldini olish uchun qoʻlidan kelgan barcha narsani qilmoqda.
Seshanba kuni Germaniyaning “Augsburger Allgemeine” gazetasi “Marburger Bund” Germaniya shifokorlari birlashmasi raisi S.Yona bilan intervyu eʼlon qildi. Intervyuda u koronavirusning ikkinchi toʻlqini Germaniyada haqiqatan ham boshlangani, ammo birinchi toʻlqinga qaraganda yengilroq kechishi mumkinligini aytdi. “Marburger Bund” raisi koronavirus asta-sekin rivojlanib borayotgani tufayli Germaniya klinikalari ikkinchi toʻlqinga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Vaksina va dori ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar, tadqiqotlar
Braziliya Oksfordning koronavirusga qarshi vaksinasi muqobil variantini koʻrib chiqmoqda, deb xabar beradi TASS. Xabar qilinishicha, mamlakat hukumati ushbu qarorni dori boʻyicha sinovlarni yakunlash oʻylagandan koʻproq vaqt talab etishi mumkinligi sababli qabul qilgan. Mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbarining birinchi oʻrinbosari E.Franku taʼkidlaganidek, vaksina tadqiqotning eng soʻnggi bosqichida boʻlishiga qaramay, kech ishlab chiqiladi, degan ehtimol bor. Muqobilni topish mamlakatga vaksina ishlab chiqarishda koʻproq avtonomiyaga ega boʻlish imkonini beradi.

“The New York Times” amerikalik olimlar Prezident D.Tramp maʼmuriyati vaksinani noyabr oyida boʻlib oʻtadigan prezident saylovi oldidan maʼqullashni talab etishidan xavotirda ekanini maʼlum qildi. Gazeta taʼkidlashicha, vaksinani ishlab chiquvchilar yaxshi xabarlarni kutuvchi Oq uyning bosimi ostida qolmoqda. Ular kelgusi oylarda ushbu ishga “siyosat aralashishidan” qoʻrqmoqda.
D.Tramp Amerikaning koronavirusga qarshi vaksinasi 2020-yil oxirigacha tayyor boʻlishini bir necha bor aytgan. Shu bilan birga vaksina ertaroq chiqishi ham ehtimoldan xoli emasligini taʼkidlagan. Myunxen yuqumli kasalliklar klinikasi bosh shifokori Klemens Vendnerning soʻzlariga koʻra, koronavirusga qarshi antitanachalar mavjudligi boʻyicha oʻtkazilgan dastlabki tadqiqotlar pandemiyani jilovlash uchun vaksina zarurligini koʻrsatdi. Uning aytishicha, “aholi infeksiya yuqtirishi darajasi shunchalik pastki, biz jamoaviy immunitetga ishonib qololmaymiz”. Vaksinatsiyasiz jamoaviy immunitetga ega boʻlishning iloji yoʻq. Mutaxassislar hisob-kitobiga koʻra, bugungi kunda antitanachalarni oʻrganish aniq bir natija bermayapti. Ularning mavjudligi ilgari infeksiya yuqtirganlarni aniqlashga imkon berishi maʼlum, biroq bu Sars-CoV-2 ga nisbatan immunitet shakllanadi, degani emas. Tanadagi qaysi hujayralar va antitanachalar immunitetni shakllantirayotgani va jarayon qancha davom etishi halyami nomaʼlum.

12 mingga yaqin qon donorlari namunalarini oʻrganish antitanachalar ularning atigi 1,5 foizida mavjudligini aniqlash imkonini berdi. Germaniyada virus birinchi marta aniqlangan Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi Gangelt jamiyati aholisining atigi 15 foizida antitanachalar aniqlangan. Shuningdek, Avstriyaning Ishgl kurort shaharchasi orqali virus butun Yevropa boʻylab tarqalgan boʻlib, mahalliy aholining atigi 42 foizida antitanachalar aniqlangan. K.Vendnerning soʻzlariga koʻra, bu virusning yana-da keng tarqalishining oldini olish uchun juda past koʻrsatkichdir.

Shu sababli, germaniyalik infeksionist koronavirus tarqalishi yoʻlidagi eng ishonchli toʻsiq vaksinatsiya, ungacha zarur choralarni koʻrish - niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash va gigiyena qoidalariga rioya qilish kerak, deya taʼkidlagan.
COVID-19 ning salbiy oqibatlarini kamaytirish va karantindan chiqish choralari

Germaniyaning “Tagesschau” portali yozishicha, Avstraliyaning Viktoriya shtatida karantin qoidalariga rioya qilmaslik uchun jazo kuchaytirildi. Endi oʻzini oʻzi yakkalash tartibini birinchi marta buzganlarga tahminan 3,5 ming dollar jarima solinadi. Takroran buzganlik uchun esa 14 ming dollargacha jarima solinishi mumkin. Bunday choralar shtatda koronavirus tarqalishi jadallashgani tufayli koʻrildi. 

Shtat bosh vaziri D.Endryusning soʻzlariga koʻra, koronavirus bilan kasallanganlarning taxminan uchdan bir qismi politsiyachilar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar paytida uyda boʻlmagan. Mulozim koronavirus tarqalishiga qarshi kurash choralari doirasida shtatda 1,5 ming nafar harbiy xizmatchi joylashtirilgani haqida maʼlum qildi. Bu hafta Viktoriya hukumati komendantlik soati, kunduzi harakatlanishga cheklovlar joriy qildi, koʻplab korxonalarni va deyarli barcha doʻkonlarni yopdi.

BBC anonim manbaga asoslanib, Eron oʻz hududida oʻlim va kasallanishlar soni boʻyicha haqiqiy maʼlumotlarni yashirayotganini taʼkidlamoqda. Taʼkidlanishicha, Eronda koronavirusdan vafot etganlar soni rasmiy maʼlumotlarda koʻrsatilgan 14,4 mingta emas, balki 42 mingtani tashkil etadi. Eron Sogʻliqni saqlash vazirligi statistikasida kasallikka chalinganlar soni ikki barobar kam - 279 ming, deb koʻrsatilgan. BBCda eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, aslida virus bilan ushbu mamlakatda 451 mingdan ziyod kishi kasallangan.