O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi transchegaraviy suvlardan foydalanish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi

2020-yil 5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Jahon banki vakillarining videokonferensiya shaklidagi muloqoti bo‘lib o‘tdi.Unda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Jahon bankining Markaziy Osiyo uchun suv va energetika dasturi (CAWEP) menejeri Uilyam Yang va Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.

Anjuman qatnashchilari suv va iqlim sohasida mintaqaviy hamkorlikning huquqiy va institutsional mexanizmlarini kuchaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, suv ta’minoti, odamlarning ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga oid investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, huquqiy va institutsional mexanizmlarni mustahkamlash kabi sohalarda O‘zbekiston va bankning o‘zaro munosabatlari istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.

Jahon banki ekspertlari suv-energetika sohasida davlatlararo hamkorlik yaxshilanayotgani, xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchiligidagi pragmatik tashqi siyosat yo‘nalishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra maslahatlashuvlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Manba