O‘zbekiston va AQSh xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi

O‘zbekiston va AQShning xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 30-oktyabr kuni AQSh Davlat departamenti veb-sahifasida chop etilgan mazkur hujjat BMT Xavfsizlik Kengashining 2000-yil 31-oktyabr kuni tasdiqlangan 1325-sonli rezolyutsiyasining 20 yilligi munosabati bilan qabul qilindi.

Qo‘shma bayonot Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida hamda AQSh Davlat departamentining xotin-qizlar global masalalari bo‘yicha ofisi bilan hamkorlikda tayyorlandi. Ofis O‘zbekistonning BMT Xavfsizlik Kengashining xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan 1325-sonli rezolyutsiyasini bajarish bo‘yicha harakatlar Milliy rejasini ishlab chiqishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Qo‘shma bayonotda, jumladan:

- Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinganining 20 yilligini nishonlagani qayd etilgan, O‘zbekistonda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha harakatlar milliy rejasini ishlab chiqishdagi hamkorlik rivojlanayotgani tasdiqlangan;

- Amerika Qo‘shma Shtatlari va fuqarolik jamiyati qo‘llab-quvvatlovida ushbu Rejada O‘zbekiston hukumati tomonidan xotin-qizlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishga berilayotgan ahamiyat, shuningdek, ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi ishtiroki faollashuviga ko‘mak berilayotgani qayd etilishi ta’kidlangan;

- Amerika Qo‘shma Shtatlari uchun O‘zbekiston xalqi bilan Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘yicha harakatlar milliy rejasini ishlab chiqishda yaqin hamkorlik qilish katta sharaf ekani qayd etilgan.

Qo‘shma bayonotning qabul qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikda yana bir ijobiy qadam bo‘ldi.

Hujjat AQSh O‘zbekiston tomonidan xotin-qizlarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi rolini oshirish, shuningdek, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotganining yaqqol dalilidir.

Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi va AQSh Davlat departamentining xotin-qizlar global masalalari bo‘yicha ofisi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik doirasida 23-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya AQSh Davlat departamenti tomonidan virtual formatda tashkil etilgan gender masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etdi. Anjuman yakunida mamlakatimiz 31 ta davlat qatorida AQShning xotin-qizlar iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy harakatlarni kuchaytirish bo‘yicha chaqiruvini imzolab, uning ishtirokchisi bo‘ldi.

Bundan tashqari, Davlat departementi ofisi bilan birgalikda O‘zbekiston, AQSh va Afg‘oniston yetakchi tadbirkor ayollari ishtirokida yuqori darajadagi uch tomonlama biznes-forum o‘tkazish ustida ish olib borilmoqda.

Manba