Senat Raisi AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi

2020-yil 1-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash davlatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar dinamikasida sezilarli faollik kuzatildi. Bunga ko‘p jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati yordam berdi.

Bundan tashqari, parlamentlararo aloqalarga katta ahamiyat berilayotgani qayd etildi. O‘zbekiston-AQSh parlament hamkorlik guruhi, AQSh Kongressining “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus” o‘rtasida muloqotni davom ettirish, demokratik islohotlar va fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish borasida o‘zaro fikr almashildi.

AQSh bilan ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiya va zamonaviy texnologiya yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda “Doing business 2020” yillik reytingida O‘zbekiston eng yuqori ko‘rsatkichni ko‘rsatgan yigirmata mamlakat qatoriga kirgani e’tirof etildi.  

Senat faoliyati va parlamentdagi ayollarning o‘rni, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar borasida ham so‘z yuritildi.

Shu bilan birga, AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari, majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi kurash masalalari va bu borada birgalikda ishlash istiqbollariga urg‘u berildi.

Bundan tashqari, bir qator qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan o‘zaro takliflar bildirildi.

Jumladan, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muammolarni hal etishda parlamentning rolini yanada oshirish maqsadida parlamentarizmni qo‘llab-quvvatlash, parlament a’zolari va xodimlarining AQSh tajribasini o‘rganish uchun AQSh Kongressida amaliyot o‘tashi, O‘zbekistonda o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan ayollar uchun innovatsion texnologiyalardan foydalanish, qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi choralarni amalga oshirish hamda odam savdosiga qarshi kurashi bo‘yicha takliflar bildirildi.

Manba