O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatlarining investitsiya va infratuzilmaviy rivojlanish sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti

O‘zbekiston Respublikasi hukumati 2020-yil 29-iyun - 1-iyul kunlari Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boyler va AQShning Afg‘onistonda milliy yarashuv jarayoni bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzadni O‘zbekistonda mamnuniyat bilan kutib oldi.

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi muhokamalarda asosiy e’tibor infratuzilmani rivojlantirish sohasiga hamda iqtisodiy o‘sish va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun boshqa investitsiyalarga qaratildi.

Tashrif yakunida DFC bosh ijrochi direktori Adam Boyler va Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sardor Umurzakov quyidagi bayonotni qabul qildilar:

Mintaqaga investitsiya kiritish O‘zbekiston xalqi uchun barqaror iqtisodiy o‘sish va imkoniyatlar yaratishi mumkinligi haqida samarali muhokamalar o‘tkazildi. Bundan tashqari, iqtisodiyotning uzoq muddat davomida o‘sishi mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga yordam beradi.

O‘zbekiston sezilarli yutuqlarga erishishda davom etayotganligi tufayli mamlakatga investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish uchun DFC xususiy sektor bilan ishlashi mumkin.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil may oyida AQShga bo‘lib o‘tgan tashrifi yakunida ikki mamlakat prezidentlari tomonidan qabul qilingan Qo‘shma bayonotga asoslanib, "Strategik sheriklikning yangi davri"ni chuqurlashtirish istagini yana bir bor tasdiqladilar.

Hukumatlarimiz o‘rtasidagi muloqotlarning jadallashuvi natijasida AQSh va O‘zbekiston davlatlararo hamkorlikning yangi bosqichini boshdan kechirmoqda.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli investitsiyalarni, innovatsion va texnologik hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlikning dolzarbligini ta’kidladilar.

Tomonlar yangi ish o‘rinlarini yaratishga, aholiga infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishga, shuningdek, muqobil energiya manbalarini keng joriy etishga qaratilgan xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus dasturlarni amalga oshirishdan manfaatdorligini tasdiqladilar.

Tomonlar DFC mablag‘lari jalb qilingan holda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida energetika, transport, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida O‘zbekistonda strategik infratuzilmaviy loyihalarni aniqlash va amalga oshirish maqsadida muntazam ravishda birgalikda faoliyat olib borishga kelishdilar.

Bundan tashqari, ikkala tomon ham ayollarning iqtisodiyotda har tomonlama va erkin ishtirok etishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish muhimligini ta’kidladilar. Iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lgan ayollar, o‘z daromadlarini oilalari va jamoalariga qayta investitsiya qilib, jamiyat farovonligini oshirishga hissa qo‘shadilar.

DFC O‘zbekistonning xalqaro rivojlanish standartlariga, jumladan, ochiqlik, shaffoflik va moliyaviy barqarorlikka muvofiq bo‘lgan loyihalarga uzoq muddatli xorijiy investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan Blue Dot Network tashabbusining bir qismi bo‘lish istagi va qiziqishini olqishladi.

Tomonlar Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport va energetika aloqalarini kengaytirish orqali Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni shuningdek, iqtisodiy tiklanish bo‘yicha harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda o‘zaro intilishlarini tasdiqladilar.

Tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasida uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikni ta’minlaydigan muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda kuchlarni birlashtirish muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston bilan birgalikda mintaqaviy jamg‘armani tashkil etish bo‘yicha kelgusida muhokamalarni o‘tkazishga kelishib oldilar. Qo‘shma Shtatlari har bir davlat tomonidan e’lon qilingan kapitalning xususiy sektor investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga muvofiqligini o‘rganadi.

Har ikkala tomon ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliya-texnikaviy sheriklikni rag‘batlantirishga asos bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Источник