YI DELEGATSIYASI RAHBARI BILAN UCHRASHUV

2020-yilning 28-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizdagi missiyasini yakunlayotgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi rahbari, Elchi Eduards Stipraysni qabul qildi.

O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali, jumladan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mintaqasida mushtaraklikni va barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar konferensiyasini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikning, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, ilm-fan va madaniyat jabhalaridagi hamda ta’lim sohasidagi munosabatlarni mustahkamlashga oid amaliy masalalar yechimiga qaratilgan investitsion loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda YI ishtirokining muhim ahamiyati ta’kidlandi.

2019-yil yakunlariga ko‘ra 4 milliard AQSh dollarini tashkil etgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmlarini yanada oshirishning zarurligi qayd etildi.

Suhbat oxirida Vazir YI Delegatsiyasi rahbariga samarali faoliyati hamda O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Eduards Stiprays YIning O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari sifatidagi faoliyati davomida ko‘rsatilgan har tomonlama ko‘mak uchun tashakkur bildirdi.

Manba