Rossiyadan munosabat: Termiz muloqoti Transafg'on temir yo'li loyihasini amalga oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni faollashtirish uchun maydon bo'lib xizmat qiladi

Rossiya Fanlar akademiyasi Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining Markaziy Osiyo bo'yicha sektori rahbari Stanislav Pritchin (Rossiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida 19-may kuni Termizda boshlanadigan "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishi to'g'risidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Termiz muloqoti, nazarimda, Yevroosiyo mintaqasida prinsipial jihatdan yangi – ham transport, ham geosiyosiy arxitekturaning shakllanishiga xizmat qiluvchi o'z vaqtida va o'ta muhim voqea bo'ladi.

Bugun transport yo'laklari xaritasiga nazar tashlaydigan bo'lsak, Markaziy Osiyo va Yevroosiyoni Janub va Hind okeani bilan bog'lovchi rivojlangan infratuzilmaning yo'qligi yaqqol ko'zga tashlanadi. Tarixiy va geosiyosiy jihatdan Afg'oniston, afsuski, bu mintaqalarni bir-biridan ajratgan.

O'zbekiston so'nggi o'n yil davomida ushbu vaziyatni to'g'rilash bo'yicha faol ish olib bormoqda. 2021 yildan boshlab yangi transport arxitekturasini yaratish bo'yicha jiddiy muzokaralar olib borilmoqda va tadbirlar o'tkazilmoqda. Afg'oniston bu yerda asosiy rol o'ynaydi, chunki u amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo, shuningdek, Rossiya va Hind okeani o'rtasidagi bog'lovchi va tranzit markazga aylanishi mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlari ishtirok etayotgan Rossiyaning "Shimol-Janub" loyihasi mavjud bo'lishiga qaramay, bu Pokiston va Hindiston bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqa uchun aylanma yo'ldir. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog'laydigan transport infratuzilmasini yaratish uchun barcha shart-sharoit mavjud.

O'zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar mintaqaviy sheriklarning ham, yakkalanib qolishdan, jumladan, transport izolyatsiyasidan ham manfaatdor Afg'onistonning manfaatlariga to'liq javob beradi. O'zbekiston uchun bu o'zini geosiyosiy o'zgarishlar tashabbuskori va ilhomlantiruvchisi sifatida e'lon qilish, shuningdek, yangi bozorlarni ochish va tranzit davlatga aylanish imkoniyatidir.

Rossiya rasmiy Toshkentning ushbu hududni rivojlantirish va yangi transport arxitekturasini shakllantirish bo'yicha tashabbuslarini har tomonlama qo'llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai nazardan, Termiz muloqoti samarali bo'lib, Transafg'on temir yo'li loyihasini amalga oshirish va Afg'oniston orqali tranzit salohiyatini rivojlantirishga to'sqinlik qilayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish imkonini beradi, shuningdek, ushbu muhim loyihalarni amalga oshirishga turtki bo'lishiga ishonaman.

Manba