15-16-oktyabr kunlari Farg'ona shahrida "Farg'ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo'lida birdamlik" mavzusida Farg'ona tinchlik forumining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Forum O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Progressiv islohotlar markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT), Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti hamda tinchlik va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro tuzilmalarni birlashtiruvchi platforma - Tinchlikni barpo etish xabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan muhokamalarda Farg'ona vodiysida ishonch va ahil qo'shnichilikni mustahkamlash, uning iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, barqaror tinchlikni ta'minlashda yoshlarning roli haqida fikr almashildi.
Anjuman yakunida Farg'ona vodiysida umumiy do'stlik, totuvlik va barqaror rivojlanish makonini yaratish bo'yicha tomonlarning sadoqatini aks ettiruvchi Kommyunike qabul qilindi. Hujjat barcha ishtirokchilar tomonidan qo'llab-quvvatlandi.
Kommyunikeda mintaqaviy muloqotni davom ettirish va suv resurslarini boshqarish, atrof-muhitni muhofaza qilish, savdo, transport va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi qayd etilgan.
Hujjatda taklif etilayotgan tashabbuslarni yana-da o'rganish va amaliyotda tatbiq etish uchun Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlariga, BMT, YXHT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlarga yuboriladi.
Tashkilotchilar Farg'ona forumi dolzarb mintaqaviy muammolarni muhokama qilish, mintaqa mamlakatlari o'rtasida ishonch va o'zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish uchun doimiy platformaga aylanishiga ishonch bildirdi.