Akramjon Ne’matov: "Markaziy Osiyo tobora o‘zini o‘tmishi, buguni va kelajagi yagona bo‘lgan makonning ajralmas qismi sifatida his etmoqda"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov 2025-yilning 16-19-sentyabr kunlari Bishkek shahrida o‘tkazilgan "Intimak" haftaligidagi asosiy ma’ruzasida shunday fikrlarni bildirdi.

Tadbirda Qirg‘iziston hukumati, nodavlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining yuqori darajadagi vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, ishtirokchilar orasida diplomatik missiyalar rahbarlari, turli xalqaro tuzilmalar, jumladan, YUNESKO, YUNISEF, FAO, "BMT-Ayollar," XMT, YEXHT, Martti Axtisaari nomidagi tinchlik jamg‘armasi rahbarlari va ekspertlari bor edi.

Akramjon Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari haqiqiy ishonchga asoslangan bo‘lib, o‘zaro manfaatli yechimlarni birgalikda izlash ikki tomonlama muloqotning imperativiga aylandi. Shu bilan birga, ekspertning ta’kidlashicha, ushbu muloqot uzluksiz, keng qamrovli va ko‘p darajali xarakterga ega. Davlat va hukumat rahbarlari muntazam uchrashib turibdi, tegishli vazirlik va idoralar faol hamkorlik qilmoqda, parlamentlararo aloqalar sezilarli darajada faollashgan.

SMTI vakili ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlik an’anaviy diplomatiya doirasidan chiqib, mintaqaviy integratsiya modeliga aylanmoqda."Biz faqat o‘zaro savdo bilan cheklanib qolmayapmiz, balki hamkorlikni ishlab chiqarish va texnologik kooperatsiya darajasiga olib chiqishga intilamiz. To‘qimachilik, farmatsevtika, avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma zavodlar ishga tushirildi, quyosh stansiyalari qurilmoqda," - dedi u.

Ekspertning fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixi butun Markaziy Osiyodagi ijobiy jarayonlarning ko‘zgudagi aksidir. Bugun mintaqa misli ko‘rilmagan darajadagi jipslashuvni namoyish etmoqda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston qisqa muddatda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.

Shu ma’noda Akramjon Ne’matov qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning so‘zlarini keltirdi: "Tarixiy umumiylik, tillar o‘xshashligi, umumiy an’analar, urf-odatlarning mavjudligi bizga birlashish va yangi dunyo, yagona sivilizatsiya hamjamiyatini qurish uchun cheksiz imkoniyatlar beradi." Ekspertning fikricha, aynan bugun bu so‘zlar yanada kuchliroq yangramoqda, chunki Markaziy Osiyo Aytmatov orzu qilgan yo‘ldan ketib, o‘z kelajagini birdamlik va hamjihatlik tamoyillari asosida qurmoqda.

SMTI vakili ta’kidlaganidek, "mintaqa aholisi o‘zini tobora o‘tmishi, buguni va kelajagi yagona bo‘lgan makonning ajralmas qismi sifatida his etmoqda. Aynan muloqotga sodiqlik, madaniyatlararo xilma-xillikni hurmat qilish va tinchlikni mustahkamlash asosida Markaziy Osiyoning o‘ziga xosligi shakllanadi. Aslida, bu bizning madaniy-sivilizatsiyaviy kodimizning bir qismidir."

"Va aynan shu tamoyillarga tayangan holda, "Intimak" g‘oyasi asosida Markaziy Osiyo o‘z o‘zligini yaratishi va uni to‘g‘ri yo‘naltirishi kerak. Agar biz buni qilmasak, buni biz uchun qilishadi - lekin bizning manfaatlarimizni hisobga olmagan holda," - deya ta’kidladi Akramjon Ne’matov.

Ekspert so‘zlarini davom ettirib, shu yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Farg‘ona tinchlik forumini o‘tkazishini ta’kidladi. Bu forum hozirgi "Intimak" haftaligi bilan birlashtiriladi va bu O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashda yagona yondashuvlarga ega ekanligining ramzi bo‘ladi. "Biz uchun ayniqsa muhim jihat shundaki, forum aynan asrlar davomida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston xalqlarining taqdirlari tutashgan joyda Farg‘ona vodiysida bo‘ladi," - dedi u.

SMTI vakili ta’kidlaganidek, Farg‘ona forumi nafaqat muhokama qilinadigan, balki mintaqa kelajagini shakllantiradigan doimiy platformaga aylanadi. "Biz Forum butun dunyoda eslatma sifatida yangrashini istaymiz: Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘tmishda bizni ajratib turgan to‘siqlarni bosqichma-bosqich olib tashlamoqda. Biz bu yo‘lda to‘xtab qolmaymiz - xalqlarimiz do‘stligini asrab-avaylaymiz va kelajak avlodlarga yetkazamiz," - dedi ekspert.

Akramjon Ne’matov o‘z nutqini yakunlar ekan, tinchlikni mustahkamlash kundalik mehnat ekani, bunda muloqot tanlov emas, balki hayotiy zaruratligini ta’kidladi. "Bu borada "Intimak"  qadriyatlarining asosiy tashuvchisiga aylanishi kerak bo‘lgan yoshlarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Ushbu tadbir Markaziy Osiyo faqat tinchlik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik bilan uyg‘unlashgan kelajak sari qo‘yilgan yana bir qadam bo‘lishini istayman," - deya yakunladi u.