Markaziy Osiyo mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirmoqda

24-25-noyabr kunlari Olmaota shahrida Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilot (MXT) tomonidan tashkil etilgan "Mehnat migratsiyasi dasturi - Markaziy Osiyo" loyihasi doirasida Mintaqaviy muvofiqlashtirish mexanizmining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Dasturning birinchi bosqichi 2022-yilda boshlangan bo‘lib, mintaqa mamlakatlarining mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan.

Tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarining diplomatik vakolatxonalari, tegishli davlat organlari, ekspertlar hamjamiyati vakillarini jamlab, tajriba almashish va migratsiya siyosatining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.

Ishtirokchilar "Markaziy Osiyo - mehnat migratsiyasi dasturi"ni amalga oshirish natijalari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi muvaffaqiyatli amaliyotlarini muhokama qildilar. Muayyan faktlarga asoslangan migratsiya siyosatini takomillashtirish, xususiy bandlik agentliklari salohiyatini rivojlantirish, migrantlar uchun raqamli xizmatlarni kengaytirish va yoshlarni ijobiy migratsiya jarayonlariga jalb etishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Eldor Samandarov ishtirok etdi. U mintaqada migratsiya siyosatini muvofiqlashtirish, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha o’z fikrlarini bildirdi.

E.Samandarov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, xorijdagi fuqarolarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, xususiy bandlik agentliklarini rivojlantirish, migrantlarni ketishdan oldin tizimli tayyorlash va vatanga qaytgandan so‘ng ularni reintegratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, inson mobilligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish zarurligi qayd etildi.

MXTva Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari O‘zbekiston tomonidan mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. MXTning Qozog‘istondagi missiyasi rahbari va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Serhan Aktoprak 2026-yilga rejalashtirilgan O‘zbekiston aholisini ro‘yxatga olish migratsiya jarayonlarini chuqurroq tahlil qilish uchun muhim ma’lumotlar manbai bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilish doirasida loyihaning oraliq natijalari bo‘yicha asosiy tavsiyalar muhokama qilindi va dasturning ikkinchi bosqichini (2026-2030-yillar) tayyorlashning strategik yo‘nalishlari belgilandi. Uchrashuv yakunlari mehnat migratsiyasi sohasidagi mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash imkonini berdi.

Umuman olganda, Olmaotada bo‘lib tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarining mehnat migratsiyasini tartibga solish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligining yuqori darajasini tasdiqladi. U tajriba almashish, kelishilgan yondashuvlarni shakllantirish va migratsiya boshqaruvining dolzarb muammolari bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim platformaga aylandi.

Qozog‘istonga safari doirasida SMTI vakili respublikaning tegishli idoralari bilan bir qator ekspert uchrashuvlarida ham ishtirok etdi, ularda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Mehnat faoliyati va mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi bitimning bajarilishi muhokama qilindi. Tomonlar 2026-yilga mo‘ljallangan harakatlar rejasini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.