SMTI direktori BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining a'zo mamlakatlar uchun choraklik brifingida ishtirok etdi

Joriy yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining (TQKB) a’zo davlatlar uchun boshqarma direktori vazifasini bajaruvchi janob Mauro Miediko rahbarligida gibrid formatda o‘tkazilgan tashkilot faoliyatining 2-chorak yakunlariga bag’ishlangan brifingida ishtirok etdi.

TQKB tomonidan har chorakda o’tkaziladigan brifinglar BMTning 2010 yil 3 sentyabrdagi A/64/L.69 -rezolyutsiyasi bilan ta'sis etilgan. Ushbu tadbirlarni o’tkazishdan asosiy maqsad terrorizmga qarshi kurash sohasida zamonaviy tendentsiyalar va strategik ustuvorliklarni, BMTning Global aksilterror strategiyasiga muvofiq Boshqarma mandatini amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdan iborat. Birinchi brifing joriy yilning mart oyida o’tkazilgan edi.

Bo’lib o’tgan brifingda BMT bo'linmalari rahbarlari, xususan inson huquqlari bo'yicha oliy komissar idorasi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi, BMT ayollar tuzilmasi, shuningdek Interpol, XVJ va tashkilotga a'zo davlatlar vakillari ishtirok etdilar.

Mauro Miediko brifingni ochar ekan, xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlariga qaramay, terrorchilik guruhlari tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgani, ularning faoliyati kengayishi xavfi saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, ushbu tahdidlarga qarshi hamkorlik qilish juda muhimligi aytildi. Ta’kidlanishicha, bu yo'nalishda Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi davlatlarga har tomonlama yordam beradi.

Shu asnoda Mauro Miediko joriy yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda tashkillashtirilgan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyoda Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o'tkazilganiniga alohida urg’u berdi. “Tadbir Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻz fuqarolarini ziddiyatli hududlardan repatriatsiya qilish masalalari boʻyicha tajriba va axborot almashish uchun oʻziga xos platforma hisoblanadi”, – dedi BMT oliy vakili.

Tadbirda so'zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov O'zbekiston Respublikasining BMT bilan o’zaro hamkorligini faol rivojlantirish O'zbekiston tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yo'nalishi ekanligiga alohida e'tibor qaratdi.

“Buni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning bir kun avval Toshkentga tashrifi ham yaqqol namoyish etdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar, jumladan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi”, — dedi u.

Shu nuqtai nazardan, SMTI direktori O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan Mintaqaviy ekspertlar Kengashining aniq maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi. Kengash faoliyati mintaqaviy hamkorlikni institutsionallashtirish va mintaqa davlatlarining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Eldor Aripov, shuningdek, joriy yilda aholining radikallashuviga qarshi kurashishda mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki boʻyicha Konferensiya, shuningdek, Mintaqaviy ekspertlar Kengashining ikkinchi yigʻilishini oʻtkazish rejalashtirilganligi to’g’risida aytdi. Yigʻilish doirasida Kengashning kelgusidagi faoliyati rejasi tasdiqlanishi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan SMTI direktori bo’lajak tadbirlarda keng doiradagi ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillarini ishtirok etishga taklif qildi.

Eldor Aripov o’z ma’ruzasini yakunida BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdori ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

O'z navbatida, BMT Terrorizmga qarshi kurash  boshqarmasi direktori vazifasini bajaruvchi janob M.Miediko O‘zbekiston rahbariyatiga Markaziy Osiyoda Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etishdagi muhim roli uchun minnatdorlik bildirdi. “Biz mintaqaviy ekspertlar Kengashiga mamlakatlar o‘rtasida o’zaro tajriba almashish va qurolli mojaro zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish kabi juda muhim masalalarni o’z ichiga olgan hamkorlik modeli sifatida qaraymiz”, dedi u. BMT oliy vakili, shuningdek, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi.