
Joriy yilning 6-8 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov har yili o‘tkaziladigan Doha forumida ishtirok etib, Qatarning yetakchi tahlil markazlari va taraqqiyot jamg‘armalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qatar tashqi ishlar vaziri maxsus vakili Faysal Abdullah Al-Hanzab, Qatar bosh vaziri maslahatchisi va Xalqaro siyosat tadqiqotlari markazi direktori Majid Al-Ansoriy, Global strategik tadqiqotlar instituti prezidenti Muhammad Ali Chihi, Saudiya Arabistonining "Gulf Research Center" tadqiqot markazi prezidenti Abdulaziz Sager, mehnat bozori yo'nalishidagi "Jusour" kompaniyasining ijrochi direktori Abdulhadi Bahit Barqan hamda Qatar taraqqiyot fondi a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Tomonlar keyingi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ijobiy sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Arab davlatlari O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga faol sarmoya kiritib, energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va ilg‘or texnologiyalarga alohida e’tibor qaratmoqda.
Suhbatdoshlar kelgusi yillarda o‘sish nuqtalariga aylanishi mumkin bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab oldilar. Bular ko‘p tomonlama mexanizmlar orqali savdo aloqalarini kengaytirish, transport tashabbuslarini (jumladan, Transafg‘on yo‘lagini) amalga oshirish, infratuzilma va yuqori texnologiyali loyihalarga sarmoyalarni jalb etish, agrosanoat majmuasini rivojlantirish, shuningdek, raqamli o‘zgarishlarni joriy etishdan iborat.
Ikki tomonlama hamkorlikdan tashqari, muzokaralar ishtirokchilari mintaqalararo hamkorlik faol rivojlanib borayotganini qayd etdilar. 2023-yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab hamkorlik kengashi davlatlari yetakchilarining birinchi sammiti bundan dalolat beradi. Uning yakunida yetakchilar 2027-yilga qadar mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasini ma’qulladilar, bu tizimli va uzoq muddatli hamkorlik uchun asos yaratdi.
Tomonlar Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari katta iqtisodiy salohiyatga ega ekanini e’tirof etdilar. Bu siyosiy muloqotni mustahkamlash va qulay geostrategik joylashuv bilan birgalikda mintaqalararo aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. So‘nggi o‘n yilda arab davlatlarining mintaqaga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb uchdan birga, eksporti esa 30 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Suhbatlarning alohida mavzusi SMTI va Qatarning tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish masalasi bo‘ldi. O‘zbekiston-Qatar strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash uchun qo‘shma g‘oyalar va amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan ekspertlar muloqotini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Doha forumi 2002-yildan beri Qatar hukumati ko'magida o‘tkazilib kelinmoqda va dolzarb global muammolarni muhokama qilish uchun nufuzli platforma hisoblanadi. 2025-yilda forum "Adolat amalda: va’dalardan taraqqiyot sari" mavzusi ostida o‘tkazildi.
Forumda 150 ga yaqin davlatdan 8 mingga yaqin kishi, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaqin Sharq, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Yaponiya va Koreyaning yetakchi tahlil markazlari rahbariyati va mutaxassislari ishtirok etdi.
Oliy martabali mehmonlar qatorida Qatar amiri Tamim ibn Hamad Al-Soniy, "Microsoft" kompaniyasi asoschisi Bill Geyts, amaldagi AQSh prezidentining to‘ng‘ich o‘g‘li Kichik Donald Tramp, AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton va boshqalar bor edi.
Oldingisi
Doha shahrida xalqaro tendensiyalar, diplomatik tashabbuslar va barqaror rivojlanish strategiyalarini muhokama qilish bo‘yicha yetakchi global platforma – har yili o’tkaziladigan Doha forumi o‘z ishini yakunladi. 2002-yilda tashkil etilganidan buyon forum jahon yetakchilari, xalqaro tashkilotlar, tahliliy markazlar va akademik hamjamiyat vakillarini birlashtiradigan maydonga aylangan...
08.12.2025