O‘zbekiston va Qozog‘iston ekspertlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning yangi yo‘nalish va drayverlarini izlash zarurligini ta’kidladilar

Joriy yil 28 avgustda videokonferensiya formatida O‘zbekiston-Qozog‘iston ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston Strategik tadqiqotlar instituti (QSTI) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakat ekspert-tahliliy va ilmiy-akademik doiralari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 8 avgustda O‘zbekiston-Qozog‘iston ekspertlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan edi. Memorandumni imzolash marosimi ikki davlat rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtdi.

Avvalroq, 2 avgust kuni Ostona shahrida Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, uning yakuniga ko‘ra SMTI va QSTI rahbarlari mazkur Memorandumni imzolashga kelishib olingandilar.

Kengash Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada takomillashtirish boʻyicha yangi gʻoyalarni muhokama qilish va takliflar ishlab chiqish uchun tegishli ekspert va mutaxassislarni jalb etish orqali mamlakatlar oʻrtasidagi ekspert muloqotiga muntazam va mazmunli tus berishni maqsad qilgan.

Ekspertlar kengashining bu galgi ikkinchi yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga yaqinda amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.

SMTI direktori Eldor Aripov o’zining kirish so‘zida O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining sammiti ko‘p jihatdan muhim voqelikka aylanganini ta’kidladi. Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ekspertning soʻzlariga koʻra, “bu Markaziy Osiyo ikki davlati oʻrtasidagi bunday yaqin hamkorlikning birinchi namunasi boʻlib, bu alohida ishonch darajasining koʻrsatkichidir”.

Shu bilan birga, SMTI direktori tashrif davomida erishilgan bir qator muhim kelishuvlarga e'tibor qaratdi. Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha masalalarini qamrab olgan 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturining qabul qilinishi shular jumlasidandir.

Eldor Aripov ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikaga alohida toʻxtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birgina so‘nggi 7 yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyod oshib, qariyb 4,5 milliard dollarni tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha davlat rahbarlari tomonidan qo‘yilgan maqsad to‘liq amalga oshishi mumkinligi ta’kidlandi.

Ekspertning qayd etishicha, tashrif natijasida qabul qilingan yangi shartnoma va bitimlarning mustahkam portfeli 7 milliard dollardan oshgani bu borada muhim omil bo‘ldi. Prezidentlar energetika, transport-logistika, metallurgiya, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalarida hamda hududlar oʻrtasida yirik qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga kirishdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini rivojlantirishning yangi yo‘nalish va drayverlarini izlash bo‘yicha birgalikda ish olib borishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu maqsadda 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan ekspert kengashining Ish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.