Eldor Aripov: Eng muhim vazifalarimizdan biri Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘ziga xoslikning fundamental asoslarini shakllantirishdir

Ikki kun davomida ekspertlar axborot xavfsizligi sohasida mintaqaviy va global hamkorlik, Markaziy Osiyoda yangi media imkoniyatlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Markaziy Osiyo media anjumanida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov mintaqaviy o‘ziga xoslikning ahamiyati haqida so‘zladi. U Markaziy Osiyodagi har bir insonni o‘zini nafaqat mamlakatining bir bo‘lagi, balki umumiy mintaqa – Markaziy Osiyo mintaqasining bir qismi sifatida his etishga chaqirdi.

«Prezident Qasim-Jomart Toqayevning Markaziy Osiyo media  forumini o‘tkazish tashabbusi juda muhim, talab
etilgan va dolzarbdir, dedi SMTI direktori. Umid qilamanki, bu tadbir bir martalik emas, balki doimiy bo‘ladi va biz Markaziy Osiyo oilasi sifatida muntazam uchrashib, mintaqamizni o‘ylantirayotgan eng dolzarb masalalarni muhokama qilamiz. Bizning eng muhim vazifalarimizdan biri Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘ziga xoslikning fundamental asoslarini shakllantirishdir. Birinchi navbatda, media sohasida kuchlarni birlashtirmay turib, buni hal eta olmaymiz».

Eldor Aripov umumiy madaniy qadriyatlar va anʼanalarga asoslangan hamkorlikni kengaytirish yana-da samarali ekanini taʼkidladi. «Markaziy Osiyo haqida kam maʼlumotga ega, lekin jamiyat taraqqiyotining obyektiv qonuniyatlarini juda yaxshi tushunadigan bir qator yevropalik olimlar tomonidan olib borilgan juda qiziqarli tadqiqotlar mavjud, dedi SMTI direktori. Ular empirik tadqiqotlar olib bordilar va umumiy madaniy qadriyatlar va anʼanalarga ega bo‘lgan mamlakatlar sherikchilik va savdo sohasi, iqtisodiy aloqalar, investitsiyalarda ancha samaraliroq o‘zaro hamkorlik qiladi, degan xulosaga kelishdi. Nima uchun bu sodir bo‘lmoqda? Faqat bitta sabab bor – ishonch omili. Bu omil juda muhim. Biz birinchi navbatda kimga ishonamiz? Avvalo, bizni juda yaxshi biladigan va tushunadiganlarga. Shuning uchun mintaqaviy o‘ziga xoslik juda muhimdir. Markaziy Osiyoda har birimiz o‘z mamlakatimizning bir qismi emas, balki umumiy mintaqa – Markaziy Osiyo mintaqasining bir qismi ekanligimizni his eta boshlashimiz muhim».

SMTI direktori O‘zbekiston Prezidenti ushbu yondoshuv uchun qiziqarli formula taklif qilganini alohida taʼkidladi. «Davlatimiz rahbari «Markaziy Osiyo – yagona o‘tmish, umumiy kelajak» shiorini taklif qildi. Bizda chindan ham kuchli madaniy meros va tarix bor. Biroq bizning kelajagimiz ham chambarchas bog‘liqdir. Bizning kelajagimiz umumiy tahdidlar va muammolar oldida birlashish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi. Ularning aksariyatini yolg‘iz hal qila olmaysiz».

Manba