Tadbir davomida SMTI direktori Eldor Aripov yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 9-avgust kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvida bildirilgan tashabbusini amalga oshirish doirasida tayyorlangan Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi loyihasini taqdim etdi.
Konsepsiyani ishlab chiqish va qabul qilishning dolzarbligi haqida so‘z yuritar ekan, Eldor Aripov jahonda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat sharoitida Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash masalalari bo‘yicha yagona qarash va yondashuvlarni shakllantirish talab etilayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mintaqa o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ygan. Umumiy manfaatdorlik va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli bu yerda yangi muhit shakllandi, bu esa ko‘p tomonlama hamkorlik jarayonlariga ortga qaytmas va izchil tus berdi.
Shu o’rinda, ichki va tashqi tahdidlar hamda xavf-xatarlarga qarshi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror rivojlanish sur’atlarini yuqori darajada saqlab qolishning eng muhim sharti hisoblanadi.
Hamkorlikka ochiqlik, uchinchi tomon manfaatlariga qarshi yo‘naltirilmaganligi taqdim etilgan Konsepsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari sifatida SMTI direktori tomonidan alohida qayt etildi.
Bundan tashqari, hujjat loyihasida mintaqaviy xavfsizlik ko‘p qirrali tabiatga ega ekanligi, zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga kompleks yondashuv va birgalikda kurashishni talab etishi hamda barqaror rivojlanish bilan uzviy bog‘liqligi alohida qayd etilgan.