Fransiya taraqqiyot agentligi ekspertlari bilan uchrashuv

Joriy yilning 14 noyabr kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ekspertlari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Suhbat chog`ida Fransiya tashkiloti vakillariga «Harakatlar starategiyasi»ning amalga oshirilish bosqichlari, mamlakat ichki va tashqi siyosatining ustuvor maqsadlari va istiqbollari, shuningdek, O`zbekistonning xalqaro miqyosdagi tashabbuslari va mamlakatning Afg`onistonda tinchlik o`rnatish bo`yicha faol harakatlari haqida batafsil ma`lumot berildi.

Suhbat qatnashchilari ikki mamlakat davlat rahbarlarining oktyabr oyida Fransiyada bo`lib o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlaridan so`ng, o`zbek-fransuz munosabatlari intensiv tarzda rivojlanib borayotganligini ta`kidlab o`tishdi. Fransiyalik ekspertlarning fikrlariga ko`ra, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parijdagi tashrifi doirasida o`rnatilgan kelishuvlar va imzolangan hukumatlararo xujjatlar, shu jumladan, infrastruktura loyihalarini amalga oshirish bo`yicha O`zbekiston va FTA o`rtasida imzolangan hamkorlik dasturi ikki mamlakat munosabatlari rivojining yangi bosqichini boshlab berdi.

FTA tashkiloti vakillari O`zbekistonda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarga, ayniqsa iqtisodiyotni liberallashtirish va valyuta tizimini tartibga solish sohalaridagi o`zgarishlarga Fransiya tomonidan qiziqish o`sib borayotganligini ta`kidlab o`tishdi. Shularni inobatga olgan holda, xorijlik mehmonlar qo`shma infrastruktura loyihalarini amalga oshirish orqali hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv so`ngida, Fransiya vakillari investitsion ko`mak ko`proq lozim bo`lgan istiqbolli sohalarni aniqlab olish uchun O`zbekiston davlat tuzilmalari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini izhor etishdi.