Malayziyada o’tkazilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasining «Inqilob: odamlar, texnologiyalar, kuch va xavfsizlik» mavzusidagi 32-davra suhbati haqida

Joriy yilning 7-9 may kunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo’lib o’tgan 32-chi Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy "davra suhbati" da ishtirok etdi. Tadbirda Osiyo tadqiqot markazlarining mutaxassislari, chet el diplomatik missiyalar rahbarlari, shuningdek xorijiy davlatlarning davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.

Anjuman davomida ishtirokchilar geosiyosiy arxitektura, iqtisodiyot va xavfsizlik bilan bog'liq mintaqaviy muammolar va tahdidlar, shuningdek turizm, savdo va investitsiyalar, ilm-fan sohalaridagi o’zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo’yicha taklif va tavsiyalar bo’yicha fikr almashdilar.

Tadbirda horijiy ekspertlar e’tiboriga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonlaridan mamlakatimizda amalga oshirayotgan keng ko'lamli islohotlar, shu bilan birgalikda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot etkazildi.

Tashrif chog'ida ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida, Malayziyaning bir qator ilmiy-tadqiqot markazlari, shu jumladan Malayziya strategik va Xalqaro tadqiqotlar instituti (ISIS), Osiyo strategiya va etakchilik instituti (ASLI), Malayziya Milliy universiteti, hamda Islom sivilizatsiyasi instituti rahbariyati bilan uchrashuvlar o'tkazildi. 

Tadbir natijasiga ko’ra ISIS va ASLI rahbarlari bilan o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, Malayziya Milliy universitetida amaliyot o'tkazgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi talabalarining sertifikatlar bilan taqdirlash marosimida ishtirok e’tildi.