O‘zbekiston va Pokistonning yetakchi "aql markazlari" ekspertlari ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilishadi

2026-yil 29-yanvar kuni "O‘zbekiston - Pokiston: o‘zgarib borayotgan dunyoda strategik sheriklik, o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanish" mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga bo‘lajak tashrifiga bag‘ishlangan.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Islomobod mintaqaviy tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etiladi. Konferensiyada ikki mamlakatning davlat idoralari, yetakchi tahliliy markazlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etadi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining istiqbollarini muhokama qilishadi. Tadbir davomida siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalar va sanoat hamkorligini kengaytirish, transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, inson kapitalini shakllantirish sohasidagi tashabbuslarga alohida e’tibor qaratiladi.

Ikki tomonlama sheriklikka yangi sur’at bag‘ishlaydigan va mamlakatlarimizning birgalikdagi taraqqiyot salohiyatini yuzaga chiqaradigan amaliy takliflarni ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Tavsiyalar bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish va ularning mazmuniga salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.