Joriy yilning 12-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, hamdo‘stlik ishlari va taraqqiyot vazirligi (FCDO) vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Britaniya delegatsiyasi tarkibida FCDO Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha departament direktori Jonatan Evans, departament eksperti Lourens Broyd hamda Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixona siyosiy masalar bo’yicha maslahatchisi David Pert ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida britaniyalik mehmonlarga Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik jarayonlari va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, bugun Markaziy Osiyo ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik makoni sifatida shakllanmoqda. Shu jarayonda, O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va integratsiyani mustahkamlash borasida tizimli ishlar olib bormoqda, bu o’z navbatida umumiy masalalarni hal etishda kelishilgan yondashuvlar ishlab chiqilishiga xizmat qilmoqda.
Suhbatdoshlar, shuningdek, Afg‘onistonda tinch va barqaror taraqqiyotga ko‘maklashish masalasida O‘zbekistonning pozitsiyasiga ham qiziqish bildirishdi. Ta’kidlandiki, ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishi va uni mintaqalararo savdo aloqalariga qo‘shish mustahkam va uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashning asosiy sharti sifatida qaralmoqda. Barqaror Afg‘oniston nafaqat transmintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, balki butun Yevroosiyo makonida xavfsizlikni ta’minlash uchun ham strategik imkoniyatlar ochadi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari yuqori texnologiyalar, ta’lim, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va yashil energetika rivoji kabi sohalarda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Ushbu yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar konstruktiv va o‘zaro foydali sheriklikni kengaytirishga bo‘lgan intilishlarini tasdiqlashdi. Qayd etilishicha, ekspertlar darajasida yo‘lga qo‘yiladigan muloqot ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarda kelishuvni ta’minlashga xizmat qiladi.