Joriy yilning 1-may kuni SMTIda institut direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori rahbari Antti Karttunen hamda Finlyandiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilkka Ryaysyanen bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligining dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, Finlyandiyaning 2025-yilda YEXHTga raislik qilishi munosabati bilan O‘zbekiston va mazkur tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.
Uchrashuv ishtirokchilari so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi munosabatlarda barqaror ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini bir ovozdan ta’kidladilar. Parlament, hukumat va sohalar darajalarida yaratilgan samarali hamkorlik mexanizmlari ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratayotgani alohida qayd etildi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Suhbatdoshlar ta’lim, yashil energetika, iqlim o‘zgarishi va sanoat hamkorligi kabi sohalardagi o‘zaro aloqalar ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.
Finlyandiya elchisi Ilkka Ryaysyanen O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy siyosatiga yuqori baho berdi. Muzokaralar davomida u, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Shimoliy kengash o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning muhimligini alohida ta’kidladi.
Muzokaralarda O‘zbekistonning YEXHT bilan hamkorligi istiqbollarini muhokama qilish asosiy o‘rin egalladi. Tomonlar 2025-yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasini batafsil ko‘rib chiqib, birgalikda ishlash uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Shu ma’noda, dolzarb mintaqaviy masalalar bo‘yicha ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash uchun Tashkilot platformasidan foydalanish muhim ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga hamda YEXHT bilan aloqalarni rivojlantirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar. Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi. Bu esa o’z navbatida ikki va ko‘p tomonlama darajadagi sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi.