O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbulda turkiyalik hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev joriy yilning 7-8 may kunlari Istanbulda bo‘lib o‘tgan 28-Yevrosiyo iqtisodiy sammitida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.

Turkiyaga tashrif davomida delegatsiya "Marmara Group" strategik va sotsiologik tadqiqotlar jamg‘armasi prezidenti Akkan Suver bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Ta’kidlash joizki, SMTI va "Marmara Group" o‘rtasidagi hamkorlik 2018-yildan buyon imzolangan Anglashuv memorandumi asosida faol rivojlanib bormoqda.

Bundan tashqari, Sabohiddin Zoim nomidagi Istanbul universiteti rektori Ahmad Chevat hamda ushbu ta’lim muassasasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Universitet 2010-yilda tashkil etilgan va taniqli turk olimi sharafiga nomlangan bo‘lib, 36 ta bakalavriat, 57 ta magistratura va 20 ta doktorlik yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli ta’lim dasturlarini taklif etadi. Ayni paytda universitetda 11 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Suhbatlar chog‘ida tomonlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini, jumladan, ikki mamlakat ilmiy-tahliliy tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishdi.

Ikki davlat aloqalarining rivoji tahliliga alohida e’tibor qaratildi.Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari o‘rtasida yaqin va ishonchli muloqot yo‘lga qo‘yilgani davlatlararo munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishda muhim omil bo‘ldi.

Suhbatdoshlar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etishdi. 2016-yildan buyon tovar ayirboshlashning jadal o‘sishi kuzatilmoqda, u uch barobar ko‘payib, 3 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiyaning "Eczacıbaşı" (sanoat), "Çalık Holding" (to‘qimachilik, energetika, qurilish, logistika va media), "Cengiz Enerji" (energetika), "Ro‘nesans Holding" (qurilish, energetika va sog‘liqni saqlash) va boshqa ko‘plab taniqli kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkiya tibbiyot fanlari universiteti bilan hamkorlikda fakultet, Toshkentda esa Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining filiali tashkil etildi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar ilmiy-tahliliy hamkorlik va akademik almashinuvlarni yanada kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi barqaror va uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga tayyorlik qayd etildi.