
Joriy yilning 27-yanvar kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Yevropa Komissiyasi Tashqi siyosiy vositalar xizmati dasturi menejeri Leya Tris va Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasining siyosiy masalalar bo‘yicha xodimi Mixaela Zelenyanskaya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Leya Tris Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlarni ijobiy baholab, mintaqaning xalqaro kun tartibidagi ahamiyati ortib borayotganini ta’kidladi. "Markaziy Osiyo konstruktiv mintaqaviy hamkorlikning ijobiy dinamikasi va yorqin namunalarini namoyish etmoqda. YeI Markaziy Osiyoni ustuvor hamkor sifatida ko‘radi va hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor," - dedi yevropalik diplomat.

Uchrashuvda tomonlar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sheriklikning holati va istiqbollari, shuningdek, ekspert aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. MO va YeI ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida mintaqaviy va ikki tomonlama barqaror aloqalarni mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdorlik qayd etildi.
Suhbatdoshlar, shuningdek, SMTI va yevropalik hamkorlar o‘rtasida tizimli aloqalarni rivojlantirish, xususan, dolzarb mavzularda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga qaratilgan, ekspert va ilmiy-tahliliy darajalarda tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.
