SMTIda Britaniya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

10-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Bobur Usmonov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdoʻstlik va taraqqiyot vazirligining Osiyoda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash tarmogʻi rahbari Kris Felton boshchiligidagi Britaniya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida Afg‘onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Britaniyalik hamkasblarga O‘zbekistonning afg‘on muammosi bo‘yicha qarashlari yetkazildi.

Afg‘oniston zaminida mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash O‘zbekiston tashqi siyosati strategiyasining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi.

Toshkent tomonidan Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish, gumanitar inqirozni bartaraf etishda muvaqqat hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha birgalikdagi ishlar muhimligini ta’kidladilar.

Suhbat yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda, ayniqsa, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash masalalarida muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.