Joriy yilning 25-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti vakillari - dasturlar direktori Laura Linderman va ekspert Nino Vadachkoriya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Ta’kidlanishcha, bugungi kunda Markaziy Osiyo ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli sheriklik makoniga aylandi. Mintaqa tobora jipslashib, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini namoyon etmoqda.
Shu asnoda, Markaziy Osiyoning mintaqaviy kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish borasidagi muvaffaqiyatli tajribasi boshqa mamlakatlar uchun ko‘p tomonlama hamkorlikning namunali modeli bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi aytib o’tildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va AQSH ilmiy-akademik hamda tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ekspertlar muloqotini rivojlantirish O‘zbekiston-AQSH sherikligining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangi o‘sish nuqtalarini aniqlashga yordam berishiga ishonch bildirdilar.
Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti - shtab-kvartirasi Vashingtonda joylashgan Amerikaning "aql markazi" bo’lib, 1997-yilda tashkil etilgan. Markaziy Osiyo va Kavkazdagi jarayonlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. AQShning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha konseptual hujjatlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etadi. Institutga obro‘li professor Frederik Starr rahbarlik qiladi.
Oldingisi
Joriy yilning 24-aprel kuni SMTI direktori Eldor Aripov O‘zbekistonga yangi tayinlangan Turkiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Ufuk Ulutash bilan uchrashuv o‘tkazdi.
24.04.2025